AQShning Minneapolis shahri kengashi afroamerikalik Jorj Floydni qo‘lga olish chog‘ida uning o‘limiga sabab bo‘lgan politsiya departamentini tarqatib yuborish uchun ovoz berdi. Bu haqda Star Tribune xabar berdi.

Foto: Star Tribune

Shahar kengashi tomonidan ma’lum qilinishicha, mazkur qarorni qo‘llab-quvvatlash uchun berilgan ovozlar soni zarur holatda shahar meri Jeykob Freyning vetosidan ustun kelish uchun yetarli hisoblanadi. Avvalroq shahar meri politsiya departamentini tarqatib yuborish taklifiga qarshi chiqqan.

Qayd etilishicha, politsiya departamenti o‘rnida jamoat xavfsizligi bo‘yicha maxsus dastur tuziladi va u shahar kengashi tomonidan muvofiqlashtiriladi. Uning qanday ishlashi hozircha noma’lum.

Avvalroq Jorj Floyd vafotidan so‘ng Minneapolis rasmiylari politsiyaga bo‘g‘ish usulini qo‘llashni taqiqlashga qaror qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Minneapolis shahri politsiyasi vakili 25-may kuni 46 yoshli afroamerikalik Jorj Floydni qo‘lga olish chog‘ida uni tutib, yerga yotqizgan va tizzasi bilan bo‘ynini bosgan. Politsiyachi uni shu tariqa uzoq vaqt ushlab turishi Jorj Floydning o‘limiga sabab bo‘lgan. Holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, AQShning turli hududlarida norozilik namoyishlari boshlangan. AQShning 25 ta shahrida ommaviy noroziliklar sabab komendantlik soati e’lon qilindi.