8-iyun soat 09:00 holatiga Namangan viloyatida koronavirus infeksiyaga chalingan bemorlar soni 270 nafarga yetdi. Bu haqda Namangan viloyati hokimligi huzuridagi Koronavirus profilaktikasi shtabi xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Yangi qayd etilgan holatlarning 1 tasi Namangan tumanida aholi orasida qayd etilgan bo‘lsa, 2 ta holat karantin muassasasidagi Namangan shahri va Chust tumanida yashovchi fuqarolarda aniqlangan. Bemorlarning barchasi erkaklar.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat bo‘yicha bugunga qadar koronavirusga chalingan jami 270 nafar fuqarodan 251 nafari (93 foiz) tuzalgan, 4 kishi vafot etgan. Hozirda viloyat yuqumli kasalliklari shifoxonasida 15 nafar – To‘raqo‘rg‘on tumanidan 5 nafar, Uychi tumanidan 4 nafar, Namangan shahri, Namangan, Kosonsoy, Pop, Chust hamda Yangiqo‘rg‘on tumanidan 1 nafardan – bemor davolanmoqda.

Foto: Namangan viloyati hokimligi huzuridagi Koronavirus profilaktikasi shtabi

Viloyatdagi karantin muassasalarida 782 nafar, uy karantinida 2709 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga chalingan soni 4352 nafarni tashkil etmoqda. Shu vaqtgacha koronavirusga chalingan bemorlarning 3354 nafari butunlay sog‘aygan, 17 nafari esa kasallik asoratlari oqibatida vafot etgan.

Avvalroq Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani epidemiologik xavf yuqori hudud sifatida “qizil” hududlar ro‘yxatiga kiritilgani haqida xabar berilgandi.