SpaceX kompaniyasi Starship kosmik kemasi prototipi bo‘lgan uchirish kompleksining ta’mirlash ishlarini yakunlamoqda. Uning sinovi 10-iyun kuniga rejalashtirilgan. Bu haqda kompaniya asoschisi Ilon Mask o‘zining Twitter’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Foto: Cenap

“SpaceX 29-may kuni Boka Chikada Starship SN4 kosmik kemasi prototipining portlashi oqibatida shikastlangan uchirish kompleksini ta’mirlash ishlarini yakunlamoqda”, — deyiladi xabarda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yaqin kunlarda SN5 kosmik kemasi start maydonchasiga yo‘l oladi. Sinovlar 10-iyunga rejalashtirilgan. Rejaga ko‘ra, Starship SN5’ning sinov parvozi 150 metr balandlikda amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Mask parvozi 27-may kuni noqulay ob-havo sabab qoldirilgan Starship kemasi Falcon 9 raketasining o‘rnini egallashini xohlagandi. SpaceX rejasiga ko‘ra, Starship Oy va Marsga yuk tashib, yana Yerga qaytib kelishi kerak. Bu prototiplar bilan sodir bo‘layotgan birinchi ko‘ngilsiz hodisa emas. Aprel oyining boshlarida Starship’ni suyuq azot bilan to‘ldirish vaqtida ham portlash sodir bo‘lgandi. 2019-yilning noyabrida esa Starship Mk1 germetiklikka sinov vaqtida portlab ketgan.

Ta’kidlash kerakki, SpaceX birinchi marta bortida ikki astronavt — Duglas Hyorli va Robert Benken bo‘lgan Crew Dragon kemasini 30-may kuni (Toshkent vaqti bilan 31-mayga o‘tar kechasi) Floridadagi Kennedi kosmik markazidagi maydonchadan muvaffaqiyatli uchirdi.