AQSh hukumati politsiyani tugatmaydi yoki uni moliyalashtirishni qisqartirmaydi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qildi, deb yozmoqda “RBK”.

Foto: “RBK”

“Politsiya moliyalashtirishdan mahrum qilinmaydi, bizning politsiyamiz tugatilmaydi”, — dedi Tramp. Uning ta’kidlashicha, AQSh politsiyasi mamlakatga “tinchlikda yashashga” imkon beradi, “politsiyaning 99 foiz xodimi esa zo‘r kishilar”.

Qayd etilishicha, avvalroq politsiya budjetini qisqartirishga Nyu-York meri Bill De Blazio va Vashington meri Myuriel Bauzer va’da bergan. Politsiya tomonidan 25-may kuni qo‘lga olinishi chog‘ida afroamerikalik Jorj Floyd vafot etgan Minneapolisda esa shahar kengashi mahalliy politsiyani tarqatib yuborishni taklif qilgan va buning uchun ovoz bergan. Avvalroq Jorj Floyd vafotidan so‘ng Minneapolis rasmiylari politsiyaga bo‘g‘ish usulini qo‘llashni taqiqlashga qaror qilgan.

Minnesota shtatidagi Minneapolis shahrida 25-may kuni Jorj Floydni qo‘lga olish chog‘ida politsiyachilardan biri bo‘g‘ish usulini qo‘llagan va Floydning nafas ololmayotgani haqidagi so‘zlariga e’tibor bermagan. Floyd hushidan ketgan, keyin esa kasalxonada vafot etgan.

Floydni qo‘lga olish jarayoni aks etgan video tarqalgach, Minneapolisda, keyin esa AQShning boshqa shaharlarida norozilik namoyishlari boshlandi. Ba’zi shaharlarda namoyishlar politsiya bilan to‘qnashuvlarga va talonchilikka aylanib ketdi, shu sababli shaharlar ma’muriyatlari bir muddat davomida komendantlik soati joriy qilishga, shuningdek, Milliy gvardiya askarlarini jalb qilishga majbur bo‘ldi. Bunday choralar Nyu-York va Vashingtonda ham qo‘llanilgan.