O‘zbekistonda 12-iyun kuni soat 10:00 ga qadar kasallik aniqlangan 78 nafar bemordan 7 nafari aholi orasida qayd etilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligining xabar berishicha, mazkur 7 holat Samarqand va Buxoro viloyatlarida qayd etilgan.

Foto: “Daryo”

Jumladan, Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida yashovchi fuqaro tana harorati ko‘tarilib, shifoxonaga murojaat qilgan va unda kasallik aniqlangan. Yana bir bemor Jondor tumanidagi “Vet-Farm” MChJ sotuvchisi hisoblanadi. Vobkent tumanida yashovchi fuqaro ham tana harorati ko‘tarilgani sababli tahlil topshirgan va unda kasallik borligi ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, Samarqand viloyati Urgut tumanida yashovchi 2 nafar fuqaroda ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan. Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, 10-iyun kuni O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 103 nafar bemorning 27 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, 11-iyun kuni koronavirus qayd etilgan 118 nafar bemordan 39 nafari aholi orasida tasdiqlandi. Ikki kunlik ma’lumot ham umumiy kasallanish, ham aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari dinamikasida o‘sish kuzatilayotganini ko‘rsatmoqda.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, 11-iyun kuni aholi orasida aniqlangan bemorlar soni Navoiy viloyatida 18 nafar, Toshkent shahrida 17 nafar, Namangan viloyatida 3 nafar hamda Toshkent viloyatida 1 nafarni tashkil etmoqda.

Xususan, 11-iyun kuni Toshkent shahri Chilonzor tumanida yashovchi fuqaro ishga kirish maqsadida tahlildan o‘tganda, unda kasallik borligi aniqlangan. Shuningdek, Shayxontohur tumanidagi Mediapark savdo majmuasining yana bir sotuvchisida, Yunusobod dehqon bozorining yana 6 nafar sotuvchisida, Sergeli tumanida kasalligi tasdiqlangan taksi haydovchisining otasi va ukasida koronavirus aniqlangan.

Mamlakatning turli hududlarida aholi orasida koronavirus infeksiyasiga chalinish holatlari kuzatilayotganini hisobga olib, Sog‘liqni saqlash vazirligi aholini har qadamda xushyor va ogoh bo‘lishga, karantin va sanitariya qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqirmoqda.

O‘zbekistonda 12-iyun soat 16:30 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar soni 18 nafarga ko‘paydi va 4837 nafarga yetdi. Yangi qayd etilgan bemorlarning 14 nafari Toshkent shahrida aholi orasida aniqlangan. Hozirda infeksiya yuqtirib olganlarning 3700 nafari kasallikdan sog‘aygan. 15-martda epidemiya boshlanganidan beri O‘zbekistonda 19 nafar bemor COVID-19 asoratlari oqibatida vafot etgan.