Toshkent shahrida 7-iyun kuni koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlik bilan bog‘liq 195 ta holat aniqlangani haqida xabar berilgandi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Botirjon Qurbonovning ma’lum qilishicha, mazkur 195 nafar bemordan 183 nafari bitta qurilish kompaniyasida ishlaydigan xodimlar bo‘lgan.

Botirjon Qurbonov mazkur vaziyat kasallik aniqlangan kompaniyaga zarar yetkazishi mumkinligini hisobga olgan holda uning nomini ma’lum qilmadi. Kompaniyaga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy choralar qo‘llanilgan.

Kasallik yuqtirib olgan 183 kishi bilan birga ishlovchi 300 nafardan ortiq xodim karantinga olingan. Mazkur 183 fuqaro Toshkent shahriga viloyatlardan kelib ishlayotgani va so‘nggi 14 kun ichida oila a’zolari bilan bevosita aloqada bo‘lmagani sababli ularning oila a’zolari karantinga olinmagan.

Eslatib o‘tamiz, 7-iyun kuni O‘zbekistonda 237 kishida koronavirus aniqlangan va pandemiya boshidan buyon mamlakatda qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.

Shuningdek, 11-iyun kuni Qashqadaryoning Muborak tumanida faoliyat ko‘rsatuvchi xorijiy korxonaning 28 nafar ishchisida koronavirus aniqlandi, COVID-19 virusiga chalingan 28 nafar xodimdan 27 nafari Qozog‘iston fuqarosi, yana bir nafari turkiyalik bo‘lib, ularning barchasi Enter Engineering kompaniyasi xodimlaridir. Sog‘liqni saqlash vazirligi axborotiga ko‘ra, ular karantin muassasasida bo‘lgan.