O‘zbekistonda 12-iyun kuni koronavirus qayd etilgan 128 nafar bemordan 26 nafari aholi orasida aniqlangan. Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, ularning 14 nafari Toshkent shahrida, Buxoro va Toshkent viloyatlarida 5 nafardan, Samarqand viloyatida esa 2 nafar fuqaroda qayd etilgan.

Foto: “Daryo”

Jumladan, Buxoro viloyatining Shofirkon, Jondor va Vobkent tumanlarida yashovchi fuqarolarda hamda Samarqand viloyati Urgut tumanida yashovchi 2 nafar fuqaroda ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangani haqida avval xabar berilgandi.

Bundan tashqari, Toshkent shahri qurilish obyekti ishchisida va qurilish obyektiga ishga kirish uchun tahlil topshirgan fuqaroda, Yunusobod tumanida yashovchi fuqaroda (tana harorati ko‘tarilgan, uy sharoitida davolangan, so‘ngra shifxonaga borib tahlil topshirgan), ushbu tumanda yashovchi yana bir fuqaro (tana harorati ko‘tarilayotganligi sababli tahlil topshirgan), Zangiota tumanida yashovchi fuqaroda (sanatoriyda yotish uchun tahlil topshirgan) koronavirus aniqlangan. Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

“Xorijdan kelgan fuqarolarimiz karantinga olingani bois, ulardan kasallikning tarqalish xavfi past”, — deyiladi vazirlik xabarida.

O‘zbekistonda kasallikni qayerdan yuqtirib olganini bilmasdan yurganlardan kasallik tarqalish xavfi o‘ta yuqori ekanligi sababli Sog‘liqni saqlash vazirligi aholini karantin va sanitariya talablariga to‘liq rioya etishga, zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslikka, ijtimoiy masofa saqlash, qo‘llarni yaxshilab qayta-qayta yuvish, ko‘chaga chiqqanda niqob taqish kabi qoidalarga qat’iy rioya etishga chaqirdi.

Ma’lumot uchun, 13-iyun soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar soni 36 nafarga ko‘payib, 4937 nafarga yetdi. Kasallikdan sog‘ayganlar soni 3837 kishini tashkil etmoqda, virus asoratlaridan 19 kishi vafot etgan.