Sog‘liqni saqlash vazirligi 14—15-iyun kunlari aholi orasida qayd etilgan koronavirus bilan kasallanish holatlari bo‘yicha batafsil ma’lumotlarni taqdim etdi.

Foto: “Daryo”

Unga ko‘ra, 14-iyun kuni O‘zbekistonda koronavirus tasdiqlangan 114 nafar bemordan 27 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, 15-iyun sanasida esa koronavirus qayd etilgan 183 nafar bemordan 29 nafari aholi orasida tasdiqlangan. Ikki kunlik ma’lumot ham umumiy kasallanishda, ham aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari dinamikasida o‘sish kuzatilayotganini ko‘rsatmoqda.

Hududlar kesimida olinsa, 15-iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlari Toshkent shahridan 25 nafar, Samarqand viloyatidan 3 nafar, Xorazm viloyatidan 1 nafarni tashkil etgan.

Jumladan, Olmazor tumanida yashovchi “Chorsu” buyum bozori sotuvchisida (ishxonadan so‘ralgani uchun profilaktika maqsadida tahlil topshirgan), shu tumanda yashovchi yana uch nafar fuqaroda: “Smart xaus” xususiy qurilish firmasi dasturlovchisida (ishga borish uchun tahlil topshirgan), respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga davolanishga yotish uchun tahlil topshirgan bemorda hamda tana harorati ko‘tarilganligi sababli shifoxonaga borib tahlil topshirgan fuqaroda, shuningdek, Sergeli tumani “Xonobod” mahallasida qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning loyiha boshqaruvchisi hamda shu tumandagi maktab o‘quvchisi (tana harorati ko‘tarilgan va oilaviy poliklinika uchastka shifokoriga murojaat qilgan) va uning onasida koronavirus tasdiqlangan.

Bundan tashqari, Shayxontohur tumanida yashovchi, Toshkent kimyo texnologiyalari instituti talabasida (tomog‘ida og‘riq bo‘lgan, tez tibbiy yordam xizmati orqali yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan), shu tumanda yashovchi, “Orzu” fabrikasi bog‘bonida (tana harorati ko‘tarilgani bois tahlil topshirgan), Chilonzor tumanida yashovchi fuqaroda (holsizlik, yo‘tal to‘xtamaganidan keyin shifoxonaga borib, tahlil topshirgan), “Poytaxt” savdo majmuasi kiyim do‘koni sotuvchisida hamda Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining Uchtepa tuman filiali mutaxassisida ham kasallik qayd etilgan.

Shuningdek, Samarqand viloyati Toyloq tumani “Charog‘bon” MFYdagi avtomashinalarni ta’mirlash ustasi (tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna olingan), “Hamkorbank”ning Urgut filiali xodimida (mazkur moliya muassasasining barcha xodimlaridan profilaktik maqsadda namuna olingan), ushbu tumanda qandli diabet kasalligi bo‘yicha davolanishga yo‘llanma olish uchun namuna olingan bemorda ham koronavirusga chalingani ma’lum bo‘lgan.

“Tahlillardan oydinlashadiki, yon atrofimizda koronavirus xavfi hamon mavjud. Shu yilning 15-iyundan boshlab karantin qoidalari yanada yumshatilib, qator faoliyat turlariga ruxsat berilgan bo‘lsa-da, xushyorlikni aslo yo‘qotmasligimiz lozimligini kunlik voqea va ko‘rsatkichlar ko‘rsatib turibdi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 16-iyun soat 10:00 holatiga ko‘ra koronavirusga chalinganlar soni 5293 nafarga yetdi. Epidemiya boshlanganidan beri O‘zbekistonda virus aniqlangan 4019 kishi sog‘aygan, 19 nafar bemor COVID-19 asoratlari oqibatida vafot etgan.