1963-yilning 16-iyunida insoniyat tarixida birinchi marta ayol fazogir kosmosga parvoz qildi. Bu asli kasbi to‘quvchi bo‘lgan 26 yoshli parashyutchi qiz Valentina Tereshkova edi. Bugun ushbu tarixiy parvozga 57 yil to‘ldi. “Daryo” sana munosabati bilan parvoz tarixi haqida ma’lumot beradi.

Foto: Getty Images

Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan startga chiqqan Yuriy Gagarin “Vostok” fazo kemasida muvaffaqiyatli parvoz qilib, Yerga qaytgach, kosmik era boshlanib ketdi. Kosmonavtlar birin-ketin koinotga ucha boshladi. Titov, Nikolayev va Popovichning orbital parvozlari asnosida konstruktor Korolyov endi kosmosga ayol kishini ham uchirishni reja qila boshladi. 1962-yilda Korolyov  qo‘ygan talablar asosida xotin-qizlar o‘rtasida kosmik parvozlarga munosib fiziologiyaga ega bo‘lgan da’vogarlar saralana boshladi. Talablar nisbatan oddiy edi: yoshi 30 gacha, vazni 70 kg dan ko‘p bo‘lmagan va bo‘yi ham 170 sm dan ortiq bo‘lmagan, jismonan chiniqqan qiz bo‘lishi kerak edi.

Maxsus komissiya yuzlab ayol-qizlar ichidan yakuniy besh nafar ro‘yxatni shakllantirdi. Ular orasida to‘rt nafar oliy ma’lumotli, professional parashyutchilar – Yorkina, Kuznetsova, Ponomaryova va Solovyovadan tashqari oddiy to‘quvchi qiz Tereshkova ham bor edi. Keyingi bosqichi – bevosita parvozga tayyorlanishda esa ayol kishining organizmining o‘ziga xosliklaridan kelib chiqib, turli eksperimentlar o‘tkazilgan va xususan, hayz davri bilan ruhiy holatning bog‘liqligi, ekstremal vaziyatlarda tezkor idrok qilish qobiliyatiga ta’siri yaxshilab o‘rganilgan.

Shuningdek, maxsus kapsula va kameralarda bo‘lajak fazogirlar turli sinovlardan o‘tkazilgan hamda MiG-15 samolyoti orqali vaznsizlik holati simulyatsiyasi ham sinab ko‘rilgan. Da’vogarlarning barchasi parashyut sportidan allaqachon nom qozongan professionallar bo‘lsa-da, lekin akademik Korolyov ularni baribir qayta-qayta parashyutdan sakratib, ehtimoliy qo‘nish variantlari bo‘yicha malaka shakllantirishga e’tibor qaratgan. Xullas, turli sinovlar va albatta, fiziologik jihatlarni e’tiborga olgan holda kosmik parvozlarni tashkillashga mas’ul komissiya qizlarning parvozga shayligi borasida quyidagi ketma-ketlikni tasdiqlagan:

  • Ponomaryova;
  • Solovyova;
  • Kuznetsova;
  • Segeychik (Yorkina);
  • Tereshkova

Foto: Getty Images

Ko‘rib turganingizdek, Tereshkova bu ro‘yxatda oxirgi bo‘lgan. Agar sof ilmiy va tibbiy yondoshuv bilan yakuniy qaror qabul qilingan bo‘lganida, albatta, unda deyarli imkon yo‘q edi. Chunki tibbiy, jismoniy va ruhiy tayyorgarlik borasida u ro‘yxatdagilardan barcha jabhada ortda qolgan. Lekin vaziyatga kutilmaganda Xrushchevga xos fikrlash va siyosiy yondoshuv aralashadi. Tereshkovadan faqrli ravishda boshqa da’vogarlar oliy ma’lumotli bo‘lish bilan birga, harbiy kadr ham bo‘lgan.

Biroq Xrushchevda biror odamning “xalqning ichidan chiqqani”, ya’ni oddiy ishchi, dehqon farzandi ekaniga ko‘proq e’tibor qaratadigan odati bo‘lgan; qolaversa, uning atrofidagi g‘oyaviy sheriklari, kosmosga uchadigan ayol partiya va uning dohiylari g‘oyalarini xalq orasida yoyishga hissa qo‘shadigan bo‘lishi lozimligiga ishontirishgan. Bu borada esa Tereshkova qolgan da’vogarlardan ustun edi. 1937-yilda Yaroslavl viloyatidagi Masselnikovo qishlog‘ida kolxozchi dehqon oilasida tug‘ilgan Valentina texnikum bitiruvchisi darajasidagi ma’lumotga ega bo‘lgan xolos.

U maktabni bitirib, 1954–1959-yillarda avvaliga shina zavodida, keyin esa texnik matolar zavodida to‘quvchi bo‘lib ishlagan. 1959–1960-yillarda Yaroslavl yengil sanoat texnikumida ta’lim olgan, shuningdek, parashyut sporti bilan shug‘ullana boshlagan. Aynan shu tufayli uni bo‘lajak ayol kosmonavtlar ro‘yxatiga kiritishgan. G‘oyaviy targ‘ibot tarafdorlariga, ayniqsa, uning nutqi ravonligi va partiya g‘oyalari haqida, daholar haqida jamoatchilik orasida jo‘shqin chiqishlar qila olishi ma’qul kelgan.

Tereshkova haqiqatan ham so‘zga chechan bo‘lib, o‘zi ishlagan zavodlarda VLKSM sekretari ham bo‘lgan. Agar parvoz muvaffaqiyatli chiqsa, albatta, keyinchalik birinchi kosmonavt ayol butun mamlakat bo‘ylab yoshlar va ayollar bilan uchrashishi, nutqlar qilishi hamda partiya va uning daholarini madh qilishi lozim edi...

Foto: Getty Images

Ushbu kabi jihatlarni e’tiborga olgan holda va eng asosiysi – Tereshkovaning ijtimoiy kelib chiqishi – oddiy dehqon qizi ekanini inobatga olib, Xrushchev birinchi kosmonavt ayol sifatida aynan uni tanlaydi. Bunga esa parvozning ilmiy va texnik mas’ul rahbarlari bo‘lgan Korolyov va boshqalar hech nima deya olmagan. Shu tariqa ro‘yxatdagilar ichidan tibbiy va fiziologik jihatdan parvozga eng munosibi emas, balki eng “maqbuli” tanlab olingan. Ro‘yxatda birinchi bo‘lgan Ponomaryovaga hatto dublyor roli ham berilmagan, Tereshkovaga dublyor Solvyova bo‘lgan holda Ponomaryova faqat zaxirada qoldirilgan...

Shu tariqa ko‘p jihatdan tasodifiy tanlov evaziga birinchi kosmonavt ayol bo‘lishi kutilayotgan Valentina Tereshkova 1963-yilning 16-iyun kuni mahalliy vaqt bilan 14:29 da “Vostok-6” kosmik kemasida Boyqo‘ng‘irdan startga chiqadi. U orbitada deyarli uch kun bo‘lgan. Umumiy hisobda Tereshkovaning parvozi ikki sutka, 22 soat va 50 daqiqa davom etgan. U o‘tirgan kosmik kema sayyoramiz atrofini 48 bora aylanib chiqib, bir million 971 ming km masofani bosib o‘tgan. Tereshkova bilan bir paytda, uni qo‘llab-quvvatlab turush maqsadida, orbitada “Vostok-5” kosmik kemasida kosmonavt Valeriy Bikovskiy ham parvozda edi.

Parvozni Tereshkova birmuncha og‘ir o‘tkazdi. Uni televizion aloqa orqali kuzatib turishganiga qaramay, qo‘yilgan topshiriqlarni hammasini ham bajarmaydi. Ahvoli esa borgan sari salbiy tarafga o‘zgara boshlaydi. Vaqtning asosiy qismini mutlaqo harakatsiz, qimirlamasdan o‘tkazgan Tereshkova Korolyovning tegishli dorini qabul qilish haqidagi ko‘rsatmasini ham rad etadi.

Belgilangan muddatda Tereshkovani Yerga qaytarish operatsiyasiga kirishishgan. U Qozog‘istonning Jezqozon hududiga, mahalliy qozoq ovuli yaqiniga parashyutda yuztuban holatda qo‘ngan. Qutqaruvchilar yetib kelishganda esa u bort jurnalini shosha-pisha to‘ldirishga urinayotganini (ya’ni vaqtida qaydlarni bajarmaganini) ko‘rishgan. Qolaversa, qoidaga zid ravishda u yonida o‘zi bilan bo‘lgan kosmonavt ratsionidagi barcha ozuqani atrofini o‘rab olgan qozoq dehqonlariga tarqatib yuborgan. Boz ustiga, unga mahalliy aholi bergan narsani iste’mol qilish taqiqlanganiga qaramay, qozoqlar bergan qimizni simirib o‘tirgan bo‘lgan.

Uning bu xatti-harakati hamkasblari tomonidan jiddiy qoralangan bo‘lsa-da, lekin baribir tarixda birinchi kosmonavt ayol degan nom bularning barchasini yuvib ketdi. Unga darhol leytenant va kapitan unvonlari berildi, albatta, Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni va “Oltin Yulduz” medallari topshirildi. Unga Chexoslovakiya, Bolgariya va GDR davlatlarining ham oliy mukofotlari topshirildi. Va avvaldan kutilganidek, Tereshkova faol g‘oyaviy-siyosiy faoliyatini boshlab yubordi. U 1966-yildan to 1989-yilgacha bo‘lgan barcha Oliy Sovet chaqiriqlarida deputat bo‘ldi va 1968-yildan 1987-yilgacha Sovet ayollari qo‘mitasiga boshchilik qildi.

Nima bo‘lganda ham inkor qilib bo‘lmas fakt shuki – Valentina Tereshkova insoniyat tarixidagi birinchi kosmonavt ayol bo‘lib qoladi. Undan keyingi kosmonavt ayolining parvozi faqat oradan 19 yil o‘tib sodir bo‘ldi. O‘shanda 1982-yilning 19-avgustida Svetlana Savitskaya “Soyuz-T5” kosmik kemasida parvozni amalga oshirgan edi.