O‘zbekistoning butun hududi bo‘ylab 21-iyun kuni Quyoshning qisman tutilishi kuzatiladi. Bu haqda Ulug‘bek nomidagi astronomiya instituti ma’lum qildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Xabar berilishicha, 21-iyun kuni Yer yuzi aholisi halqasimon Quyosh tutilishini kuzatishi mumkin bo‘ladi. Ushbu tutilish to‘liq shakldagi halqasimon tutilish hisoblanib, tutilishning to‘liq fazasida Quyosh yuzasining 99,4 foizini tashkil qiladi. Quyosh tutilishi to‘liq fazasining davomiyligi 38 sekundga teng bo‘ladi.

Ushbu astronomik hodisani Afrika, Arabiston yarim oroli, Yevrosiyo, Yapon va Malay arxipelagi hamda Avstraliya hududlarida joylashgan 111 ta davlatda kuzatish mumkin bo‘ladi.

Foto: Ulug‘bek nomidagi astronomiya instituti

Ma’lum qilinishicha, 14 ta davlat — Kongo Respublikasi, Kongo Demokratik Respublikasi, Markaziy Afrika Respublikasi, Sudan, Janubiy Sudan, Efiopiya, Saudiya Arabistoni, Eritreya, Yaman, Ummon, Pokiston, Hindiston, Xitoy va Tayvan aholisi to‘liq shakldagi halqasimon Quyosh tutilishini kuzatish imkoniga ega bo‘ladi.

O‘zbekistonning hamma hududida qisman Quyosh tutilishi kuzatiladi. Quyosh tutilishi eng katta qiymatiga erishgan vaqtida respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlarida, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatida Quyosh yuzasining 39 foizdan 50 foizgacha bo‘lgan qismi, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida esa Quyosh yuzasining 58 foizgacha bo‘lgan qismi Oy tomonidan to‘siladi. Mamlakatning eng janubiy hududi — Termiz shahrida esa bu qiymat 63 foizgacha yetadi. O‘zbekiston aholisi quyidagi jadval asosida tutilishni kuzatishi mumkin.

Foto: Ulug‘bek nomidagi astronomiya instituti

Quyosh tutilishi Toshkent vaqti bilan soat 10:01 da boshlanadi, maksimum fazasi esa soat 11:24 da kuzatiladi. Shu paytda Oy Quyosh yuzasining 51 foizini to‘sadi va bu vaqtda Quyoshning gorizontdan balandligi 68 darajani tashkil qiladi. Toshkent shahrida Quyosh tutilishining umumiy davomiyligi 2 soat 49 daqiqani tashkil etadi. Soat 12:51 da Quyosh tutilishi yakuniga yetadi. Qayd etilishicha, ushbu vaqtlar faqat Toshkent shahri uchun hisoblangan bo‘lib, tutilishning boshlanishi, maksimal qiymati va tugashi mamlakatning boshqa hududlarida ham shunga yaqin vaqtlarda va qiymatlarni aks etgan holda yuz beradi.

Ma’lumot uchun, halqasimon Quyosh tutilishi deb Quyosh yuzasining markazi Oy tomonidan to‘silganida soya atrofida ingichka yorug‘ halqa hosil bo‘lishiga aytiladi. Quyosh tutilishining halqasimon bo‘lishi Oy va Yer orasidagi masofaning odatdagiga nisbatan kattaroq bo‘lishi bilan izohlanadi. Oy Yerga qanchalik yaqin paytda tutilish bo‘lsa, Quyoshning shunchalik katta qismi to‘siladi.

Tutilish kattaligi (magnitudasi) o‘lcham birligiga ega bo‘lmagan kattalik bo‘lib, u to‘silayotgan jism diski diametrining qancha qismi to‘suvchi jism tarafidan qoplaganligini ifodalaydi. Tutilish kattaligi qiymati 0,0 dan 1,0 oralig‘ida o‘zgaradi va uning qiymatiga qarab tutilishi uchta — qisman, halqasimon va to‘liq tutilish turlariga bo‘linadi.

Institut tomonidan ta’kidlanishicha, Quyosh tutilishini maxsus quyosh nurini yutuvchi qora ko‘zoynak, qoramtir tekis shisha yoki payvandlash maskasi yordamida kuzatish mumkin. Optik qurilmalar — durbin yoki teleskopdan foydalanib, Quyoshga qarash uchun avval ularga maxsus quyosh filtrlarini o‘rnatish kerak.

Quyosh tutilishini optik asboblar yordamida ma’lum bir ekranga proyeksiyalash orqali ham kuzatish mumkin. Lekin bu holat uzoq davom etsa, optik asboblar quyosh nurini yig‘ib bergani uchun qizib ketishi ehtimoli katta hisoblanadi.

Quyosh tutilishini eng xavfsiz va qulay kuzatish usullardan biri — bu karton qog‘ozda kichik tirqishli hosil qilib, Quyosh nurini ushbu tirqishdan o‘tkazib, ikkinchi karton qog‘ozga (ekran) proyeksiyalash.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda so‘nggi marta Quyosh tutilishi 2019-yil 26-dekabr kuni kuzatilgandi.