AQSh Adliya vazirligi prezident Donald Trampning sobiq yordamchisi Jon Boltonni hozirda nashrga tayyorlayotgan kitobi uchun sudga berdi. Bu haqda CNN xabar bermoqda.

Foto: AP Photo

Vazirlikning ta’kidlashicha, Boltonning Oq uydagi faoliyati haqidagi 500 sahifalik qo‘lyozma “maxfiy ma’lumotlarga boy”. Amerika hukumati ushbu ma’lumotni oshkor qilayotgan sobiq yordamchi lavozimga qabul qilinganidan keyin olgan majburiyatlarini buzganligini ta’kidlamoqda.

Hukumat suddan Boltonning memuarlarini nashr etishni taqiqlashni talab qilmoqda, chunki u o‘z kitobini shartnomada ko‘zda tutilganidek, prezident administratsiyasi tomonidan davomli tekshiruvdan o‘tkazishni rad etgan.

Da’vo arizasida qayd etilishicha, Bolton “eng nozik va muhim lavozimlardan biri”ga ishga qabul qilinishi arafasida AQSh bilan shartnoma tuzgan. “Endi u bu shartnomadan voz kechib, uning kitoblarini nashr etilishidan avval tekshiruvdan o‘tkazish tugagani haqida bir tomonlama xulosa chiqarmoqda, shuningdek, mustaqil ravishda maxfiy ma’lumotni oshkor etish niyatida”, — deydi prokuror.

71 yoshli Jon Bolton 2018-yilning aprel oyidan Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan. 2019-yilning kuzida u prezident tashabbusi bilan iste’foga chiqqan. Tramp Boltonning bo‘shatilishiga ular o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchilik sabab bo‘lganini aytgan.

2020-yilning yanvarida New York Times gazetasi Boltonning hali chop etilmagan kitobidan parchalar bilan tanishib chiqqan. Xususan, unda aytilishicha, Jon Bolton Pentagon rahbari Mark Esper bilan birga Ukrainaga harbiy yordamni muzlatib qo‘yishni Trampga bir necha bor taklif qilgan. Biroq Tramp Kiyev unga AQShning sobiq vitse-prezidenti hamda bo‘lajak saylovlardagi Demokratlardan bo‘lgan asosiy raqibi Jo Baydenning o‘g‘li Xanter Bayden borasida tergov ishlarida yordam bermaguncha buni amalga oshirishdan bosh tortgan.

OAVlarda nashr etiluvchi kitobdan tezislar paydo bo‘lganidan so‘ng Tramp Bolton ishda ko‘p xatoliklarga yo‘l qo‘ygani, agar uning gapiga quloq solganida hozir “oltinchi jahon urishi”ga olib kelgan bo‘lishini bildirgan.