Janubiy Koreya birlashish vaziri Kim Yon Chxol KXDR bilan munosabatlar yomonlashgani sababli iste’foga chiqishga qaror qilganini e’lon qildi. Bu haqda Yonhap agentligi xabar bermoqda.

Kim Yon Chxol

Foto: AP Photo

“Koreya yarim orolida tinchlik va farovonlik borasida xalqimizning umid va talablariga javob bera olmasligimizdan afsusdaman”, — degan u.

9-iyun kuni Pxenyan janub bilan muzokaralarda “umidsizlik” va Seul bilan munosabatlarning buzilganligini e’lon qildi. KXDRda esa Janubiy Koreya hukumati ular o‘rtasidagi munosabatlarni “yakuniy nuqtaga” olib kelgani ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, Shimoliy va Janubiy Koreya munosabatlari so‘nggi ikki hafta davomida yomonlashib bormoqda. Dastlab KXDR Janubiy Koreyaning qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi. 9-iyun kuni esa KXDR 2018-yildan beri ilk bor Janubiy Koreya bilan aloqalarni to‘xtatdi. KXDR Seul bilan barcha aloqa liniyalarini Pxenyanga qarshi yuborilgan tashviqot varaqalari sabab bloklagan. Uzoq yillar davomida ishlamagan aloqa liniyalari 2018-yilda qayta tiklangan, shundan buyon mamlakatlar kuniga ikki marotaba o‘zaro qo‘ng‘iroqlashib turgandi.

14-iyun kuni Janubiy Koreya hukumati Shimoliy Koreya bilan bog‘liq har qanday vaziyat yuzasidan javob berishga tayyorligini ta’kidlab, KXDRni ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy bitim bo‘yicha kelishuvlarini amalga oshirishga chaqirdi. 16-iyun kuni esa Shimoliy Koreya harbiylari Keson shahrida joylashgan Koreyalararo aloqa ofisini portlatib yubordi.

Endilikda KXDR Janubiy Koreya bilan chegaradosh qurolsizlantirilgan hududlarga o‘z qo‘shinlarini qaytarmoqchi. Shu maqsadda o‘z qo‘shinlarini Kimgansan turistik zonasi va Keson sanoat kompleksiga joylashtirishga tayyorlanmoqda.