Toshkent shahrida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni oshgani sabab 17-iyun kuni “Malika” savdo markazi, Yunusobod dehqon bozori va Uchtepa tumanidagi “O‘rikzor” savdo kompleksi faoliyati to‘xtatildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: “Daryo”

Avvalroq “O‘rikzor” bozorining dezinfeksiya ishlari uchun vaqtincha yopilgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda video va xabarlar tarqalgandi.

Toshkent shahridagi 71 ta mahalla epidemiologik nuqtayi nazardan “qizil” hududga kiritilib, u yerlarda koronavirusga qarshi respublika maxsus komissiyasi bayonnomasi bilan belgilangan choralar qo‘llaniladi.

Mahallalarga kirish va chiqish joylari yopiladi, statsionar postlar o‘rnatilib, u yerda Toshkent shahar IIBB xodimlari, Milliy gvardiya xizmatchilari hamda sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati xodimlari navbatchilik qiladi.

Mahallalar hududlarida sutkalik navbatchilik tashkil qilinadi va qat’iy nazorat o‘rnatiladi. “Qizil” hududda yashovchi fuqarolar uydan faqat oziq-ovqat va dori mahsulotlarini xarid qilish uchun chiqishi mumkin. Shu bilan birga, albatta, tibbiy niqob taqishi zarur.

Epidemiologik xavf bo‘yicha “qizil” toifaga kiritilgan Toshkent mahallalari (tumanlar bo‘yicha) ro‘yxati:

Mirobod tumani: “Fayzobod”;

Mirzo Ulug‘bek tumani: X.Abdullayev nomidagi mahalla, “Oqqo‘rg‘on”, “Avayxon”, “Yangi Avayxon”, “Sho‘rtepa”;

Yunusobod tumani: “Tiklanish”, “Turkiston”, “Halqabog‘”, “Iftixor”, “Nurmakon”, “Oqtepa”, “Sharq haqiqati”, “Sobirobod”;

Yashnobod tumani: “Ko‘ksaroy”, “Qo‘yliqobod”, “Go‘zal”, “Mashinasozlar”, “Tong”, “Katta-Qo‘yliq”, “O‘rta Masjid”;

Uchtepa tumani: “Bog‘iston”, “Nishabariq”, “Degrez”, “Taqachi”, “Hayratiy”, “O‘rikzor”, “Ko‘rkamobod”;

Yakkasaroy tumani: “Muqimiy”, “Qushbegi”;

Shayxontohur tumani: “Shodlik”, O.Xo‘jayev nomidagi mahalla, “Bog‘ko‘cha”, “Kamolon”, “Chaqar”, “Jangoh”, “Yangi Beltepa”, “Gulobod”, “Zafarobod”, “Eshonguzar”;

Sergeli tumani: “Habibiy”, “Yangi Sergeli”, “Ezgulik”, 8 va 9-sanoat hududlari;

Olmazor tumani: “Shodiyona”, “Istiqbol”, “Nihol”, “Yoshlik”, “Chig‘atoy Oqtepa”, “Gulzor”, “Ahil”, “Guruch ariq”, “Islom ota”, “Chuqursoy”, “Sebzor”, “Xonchorbog‘”, “Qo‘shtut”, “Eski shahar”, “Universitet”, Mirzo G‘olib nomidagi mahalla, “Alloy”, “Olimpiya”, “Shifokorlar”;

Bektemir tumani: “Binokor”, “Abay”;

Chilonzor tumani: “Qatortol”, “Katta Qozirobod”, “Katta Chilonzor-2”, “Guliston”, “Yakka tut”.

Avval 10-iyunda Toshkent shahridagi jami 513 ta mahalla fuqarolar yig‘inidan 42 tasi “qizil” hudud, 132 tasi “sariq” hudud, 339 tasi esa “yashil” hududga ajratilgani haqida xabar berilgandi. Endi poytaxtda “qizil” hudud toifasiga kiruvchi mahallalar soni 29 taga ko‘payib, 71 taga yetgan.