Tojikiston 1-iyuldan boshlab O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari bilan xalqaro aviaqatnovlarni qayta tiklaydi. Tegishli qaror Tojikistonda koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha shtab tomonidan qabul qilindi, deb yozmoqda Asia-Plus.

Foto: Asia-Plus

Ma’lum qilinishicha, mazkur reyslar yo‘lovchilari o‘z sog‘lig‘i haqida tibbiy ma’lumotnomaga ega bo‘lishi kerak.

Qayd etilishicha, Tojikiston Fuqaro aviatsiyasi agentligi Rossiya, Turkiya va Xitoyga parvozlarni tashkil qilish masalasini o‘rganib chiqadi va koronavirusga qarshi kurash shtabiga takliflar beradi.

Tojikiston 20-martdan boshlab mamlakatda koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida barcha aeroportlarini yopgan. Biroq keyinroq Tojikiston xorijdagi fuqarolarini olib kelish uchun charter reyslarni amalga oshirishi ma’lum bo‘lgan.

Xitoy bilan aviaqatnovlar esa yanvar oyining oxirida to‘xtatilgandi. Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi aviaqatnovlar 16-mart kuni to‘xtatilgan.

Avvalroq O‘zbekiston hukumati 1-iyuldan boshlab Dushanbe bilan aviqatnovlarni tiklash rejasi haqida Tojikistonni xabardor qilgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston koronavirus pandemiyasi sababli to‘xtab qolgan xalqaro aviqatnovlarini 15-iyundan boshlab “qizil”, “sariq” va “yashil” reyslar prinsipi asosida qayta tikladi.