Rossiya fuqaroligini olishda Ukraina va Belarus fuqarolari uchun rus tilini bilishni talab qiluvchi majburiy imtihonni bekor qiladigan federal qonun kuchga kirdi, deb xabar beradi “RBK”.

Foto: “Moskva”

Rossiya prezidenti Vladimir Putin tegishli hujjatni 19-martda imzolagan bo‘lib, u oradan 90 kun o‘tgach — 17-iyun kuni kuchga kirdi. Ukrain va belaruslarga Rossiya fuqaroligini olish tartibini soddalashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi 2019-yilning oxirida IIV tashabbusi bilan tayyorlangan edi.

Bunga qadar Rossiya fuqaroligini olish istagida bo‘lganlar rus tilini bilish darajasi bo‘yicha imtihon topshirishi kerak edi. Endilikda o‘zlari yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri qarindoshlari Rossiya, SSSR yoki Rossiya imperiyasi hududida yashayotgan/yashagan, rus tilida erkin gaplasha oladigan belarus va ukrainlar avtomatik ravishda tilni tashuvchi sifatida tan olinadi.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Igor Zubovning so‘zlariga ko‘ra, rus tilini bilish darajasi komissiya akti va migratsiya xizmatiga shaxsiy arizani topshirish vaqtidagi audionazorat vositasi yordamida qayd etiladi. Bu hozirda Rossiyada bo‘lgan 200 mingdan ortiq ukrain va belaruslarning fuqarolikni olish jarayonlarini soddalashtiradi.

O‘tgan olti yil davomida fuqarolik uchun ariza topshirgan 80 mingdan ortiq odam rus tilini tashuvchi sifatida tan olingan bo‘lib, ularning 47 mingi ukrainlar, 800 nafari esa belaruslar hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020-yil fevralda bo‘lib o‘tgan navbatdagi yalpi majlisida O‘zbekiston fuqaroligini olishda o‘zbek tilini muloqot darajasida bilishni majburiy qilib qo‘yish borasidagi taklif muhokama qilingan edi.