“Senimi, shoshmay tur!” multfilmining yangi qismlarida bo‘ri sigaret chekmaydi. Bu haqda “Soyuzmultfilm” kinostudiyasi direktori Boris Mashkovsevga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Kadr: YouTube

“Hozirda sujet tayyorlanayotgan qismlarda bo‘ri hech nima chekmaydi”, — deydi Mashkovsev. Uning so‘zlariga ko‘ra, multfilmning eski qismlarida bo‘rining o‘ziga xos jihati bo‘lgan sigaret chekish hozirgi zamonda uning obrazi noto‘g‘ri talqin qilinishiga sabab bo‘lishi mumkin.

“Bugungi kunda bo‘ri chekadigan bo‘lsa, bu yanglish tushuniladi… Zamonamiz tomoshabiniga bo‘ri obrazini yetkazib berish uchun biz mutlaqo boshqa ramzlardan foydalanishimiz kerak”, — deydi kinostudiya direktori.

Shuningdek, yangi qismlarda boshqa qahramonlarning ovozlari ham o‘zgarishi mumkin. Mashkovsevning aytishicha, multfilm ijodkorlari uning dublyaji klassik qismlarga mos kelishi uchun harakat qilmaydi.

Avvalroq “Soyuzmultfilm” “Senimi, shoshmay tur!” multserialining yangi epizodlarini zamonaviy tomoshabinlar uchun qayta taqdim etish rejalashtirilayotganini va u 52 qismdan iborat bo‘lishini ma’lum qilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi qismlarda bo‘ri jinsi va krossovkada bo‘ladi.