Toshkent shahrining Yunusobod tumanida yashovchi fuqaro to‘rt kun ichida ketma-ket ikki nafar farzandining nikoh to‘yini o‘tkazdi. Ushbu to‘y tufayli kelin va 12 nafar marosim ishtirokchisi koronavirusga chalinadi. Ayni paytda ko‘plab odamlar ushbu infeksiyani yuqtirib olganlikda gumon qilinib, tahlil natijalarini kutmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.

Hozirda bo‘lib o‘tgan tadbirlarda ishtirok etgan va ular bilan muloqotda bo‘lgan barcha fuqarolar, o‘nlab oila a’zolaridan COVID-19 ga tahlil olinib, statsionar va uy karantinida tibbiy kuzatuvga olindi. Epidemiologik surishtiruv ishlari davom etmoqda.

To‘y kuni kecha bo‘lgani aytilgan, ammo aniq sanasi keltirilmagan. SSV 19-iyun kuni Toshkent shahrida aholi orasida koronavirus yuqtirib olish holatlari haqidagi xabarida Yunusobodda bir oilaning olti a’zosi kasallikni yuqtirib olgani, ularning harorati ko‘tarilgach, tumandagi 52-oilaviy poliklinikaga murojaat etganini ma’lum qilgandi.

Avvalroq Toshkentda o‘tkazilgan tug‘ilgan kunda ishtirok etgan 13 kishi koronavirus yuqtirib olgani ma’lum bo‘lgandi. Shuningdek, Samarqandda aza marosimi chog‘ida koronavirus yuqtirib olish holati qayd etilgan.

“Ko‘rib turganingizdek, ehtiyot choralari ko‘rilmas ekan, ba’zi holatlarda tug‘ilgan kun, to‘y va boshqa shu kabi tadbirlar fuqarolarning ommaviy kasallikni yuqtirib olishiga sabab bo‘lmoqda. Bu barchamizdan zarurat bo‘lmaganda ommaviy va oilaviy tadbirlar o‘tkazishdan hamda unda ishtirok etishdan vaqtinchalik tiyilib turishimiz kerakligini ko‘rsatmoqda. Bu esa o‘zimiz va yaqinlarimizning salomatligi uchun bebaho qoida ekanligini unutmasligimiz kerak”, — deb ogohlantiradi SSV.

O‘zbekistonda hozirgacha 6119 kishida koronavirus aniqlangan, ulardan 4390 nafari sog‘aygan bo‘lsa, 19 nafari kasallik asoratlaridan vafot etgan.