O‘zbekistonda 24-iyundan boshlab xohlovchilarga koronavirusni aniqlash bo‘yicha testni nodavlat tibbiyot muassasalarida pulli asosda topshirishga ruxsat berildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

“Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasini erta aniqlash ko‘lamini kengaytirish va tarqalishining oldini olish maqsadida, shuningdek, qator tashkilot va fuqarolarning bu haqdagi murojaatlarini e’tiborga olib, joriy yil 24-iyundan boshlab davlat va nodavlat tashkilotlari xodimlari hamda fuqarolar uchun ushbu infeksiyaga tahlil topshirishda ixtiyoriy, pulli asosda nodavlat tibbiyot tashkilotlari xizmatlaridan ham foydalanish imkoniyati yaratildi”, — deyiladi vazirlik xabarda.

Endilikda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri markazlari bilan tegishli tartibdagi shartnomani imzolagan hamda laboratoriyasi talabga javob berishi to‘g‘risidagi xulosani olgan barcha nodavlat tibbiyot tashkilotlari koronavirus infeksiyasini faqat polimer zanjirli reaksiya (PZR) usulida tekshirishi mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Litsenziyalash va akkreditatsiyalash boshqarmasi boshlig‘i Farhod Rahimqulovning ma’lum qilishicha, o‘z laboratoriyasida koronavirus infeksiyasini zanjirli polimer reaksiya usulida, pulli asosda tekshirishni tashkil etmoqchi bo‘lgan nodavlat tibbiyot tashkiloti, avvalo, bu borada belgilangan barcha sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya qilishi lozim. Tekshiruvda qo‘llaniladigan test-sinama (diagnostikum)lar hududiy sanitariya osoyishtaligi markazlari bilan kelishiladi. Koronavirus infeksiyasini laborator sharoitida aniqlash narxini nodavlat tibbiyot tashkiloti mustaqil belgilaydi.

Laborator tahlil uchun namuna (surtmalar) nodavlat tibbiyot tashkilotining o‘zida, shu bilan birgalikda, so‘rovga ko‘ra, murojaat qiluvchining tashkilotida, fuqarolarning yashash manzilida hamda maxsus avtotransportlarda olinishiga ruxsat berildi.

Shuningdek, nodavlat tibbiyot tashkiloti hududiy sanitariya osoyishtaligi markazlariga kunlik umumiy ma’lumotlarni hamda koronavirus infeksiyasiga ijobiy natija bergan surtmalarni yetkazib beradi.

Koronavirus infeksiyasini polimer zanjirli reaksiya usulida pulli tekshirishlarni tashkil etishni xohlovchi nodavlat tibbiyot tashkilotlari Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri markazlariga shartnoma tuzish uchun murojaat qilishlari mumkin.

O‘z navbatida, vazirlik COVID-19’ga tahlilni o‘tkazish bo‘yicha shartnoma imzolagan nodavlat tibbiyot tashkilotlari to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot beradi.

Ta’kidlanishicha, mamlakatda fuqarolar uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi virusologik laboratoriyalarda COVID-19 infeksiyasiga bepul tahlildan o‘tish imkoniyati yaratilgan bo‘lib, 22-iyun kuni 16 897 ta, epidemiologik mavsum davomida esa 1 055 472 ta test sinovi bepul o‘tkazilgan.

Avvalroq O‘zbekistonda koronavirusga test topshirganlar soni 1 milliondan oshgani haqida xabar berilgandi.