Avstraliya radioeshittirish korporatsiyasining Sidney radiostansiyasi shaxmatni irqchilik sport turi deb atadi. Bu haqda Eurosport xabar berdi.

Foto: Imago

Radiostansiya shaxmatda oq donalar birinchi bo‘lib yurishni boshlab bergani uchun uni irqchilik sport turi deb hisoblagan.

Internetdagi ko‘plab foydalanuvchilar ushbu ayblovni ahmoqona deb atagan. Afsonaviy grossmeyster Garri Kasparov o‘zining Twitter’dagi sahifasida shaxmatni irqchilik o‘yini deb atayotgan barchaga Xitoyning go o‘yinini o‘ynashni tavsiya qildi — unda o‘yinni qora donalar boshlab beradi.

Kasparovni avstraliyalik hamkasbi, shaxmatchi Jon Adams ham qo‘llab-quvvatlagan. Sportchi shaxmatdagi irqchilik mavzusini koronavirus sabab jahonda yuz berayotgan inqiroz vaqtida ko‘tarilganidan hayratda.

Irqchilik mavzusi may oyi oxirida afroamerikalik Jorj Floydni Minneapolisda politsiya xodimlari qo‘lga olib, ko‘chada bir nafar xodim tomonidan tizza bilan bo‘g‘ib qiynoqqa solingani, yakunda Floyd kasalxonada vafot etganidan so‘ng boshlandi. Uning o‘limi AQSh hamda Yevropada irqchilik va ijtimoiy tengsizlik muammolariga qarshi norozilik namoyishlarining boshlanishiga turtki bo‘ldi.

AQShdagi Black Lives Matter (“Qora tanlilarning hayoti muhim”) harakati o‘z aksiyalari davomida qulchilik va rasizmga aloqadorligi taxmin qilingan tarixiy shaxslarning haykallarini buzib tashlash yoki qulatish harakatlarini amalga oshirmoqda.