Islandiyaning amaldagi prezidenti Gudni Yoxannesson 27-iyun, shanba kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi saylovlarda g‘olib chiqdi. Bu haqda Iceland Monitor mahalliy nashri xabar qilgan.

Gudni Yoxannesson va uning rafiqasi.

Foto: Iceland Monitor

Nashr bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Yoxannesson 92,2 foiz ovoz yig‘gan, uning raqibi Gyurmundur Franklin Yonsson esa 7,8 foiz ovoz to‘plagan. Avval mamlakatda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnomalarda Yoxannessonning nomzodini 93,5 foiz saylovchilar qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi ma’lum bo‘lgandi.

Foto: Iceland Monitor

Yoxannesson 1968-yil 26-iyunda Reykyavikda tug‘ilgan. U 2016-yilda 1944-yil mamlakat mustaqil bo‘lganidan buyon davlat rahbarli sifatida saylangan eng yosh prezidentga aylangandi.

Eslatib o‘tamiz, Islandiya hukumati 15-iyundan boshlab xorijlik turistlarning mamlakat hududiga kirishiga ruxsat bergan. 15-maydan esa Farer orollari hamda Grenlandiyada yashovchi fuqarolarga ikki haftalik karantinga rioya qilmasdan Islandiya hududiga kirishi mumkin deb belgilangandi.

Avval faqat Shengen hududidagi fuqarolarning Islandiyaga kirishiga ruxsat etilgan, ular mamlakatga kelganidan keyin 14 kun davomida karantinda bo‘lishi majburiy deb belgilangan.