Xitoyda so‘nggi sutkada koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha 17 ta va kasallik belgisiz o‘tayotgan 7 ta holat aniqlandi, bemorlarning 7 nafari sog‘aydi. Bu haqda Xitoy Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasiga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: Reuters

Aniqlangan holatlarning 14 tasi mamlakatning o‘zida (Pekinda), 3 tasi chetdan yuqtirilgan.

Bir kun avval koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha 17 ta va kasallik belgisiz o‘tayotgan 4 ta holat aniqlangandi. Ularning aksariyati Pekinning Fentay hududidagi “Sinfadi” ulgurji bozori bilan bog‘liq bo‘lib, bozor 13-iyun kuni yopilgan.

Mamlakatda umumiy hisobda 83 500 kishi koronavirusga chalingan, ularning 78 451 nafari sog‘aygan, 4634 nafar bemor COVID-19 qurboniga aylangan. Kasalxonada 415 kishi davolanishda qolmoqda.

Janubiy Koreyada esa sutka davomida 62 kishi koronavirusga chalingani qayd etilib, kasallanganlarning umumiy soni 12 715 nafarga yetdi.

Kasalliklar profilaktikasi va nazorati markazi (KCDC) ma’lumotlariga ko‘ra, yangi kasallanish holatlarining 14 nafari Seulda, 17 nafari esa — Kyongido provinsiyasi tumanlarida qayd etilgan.

O‘tgan bir sutka ichida 47 kishiga kasalxonalardan javob berilgan. Tuzalganlarning umumiy soni esa 11 364 nafarga yetdi. Kasallik qurbonlari soni o‘zgarmagan bo‘lib, 282 nafarni tashkil etmoqda.