Dunyoda koronavirusning ikkinchi to‘lqini yuz bergudek bo‘lsa, millionlab odamlar vafot etishi mumkin. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktorining strategik masalalar bo‘yicha yordamchisi Ranyeri Gerraga tayanib, CNN xabar berdi.

Foto: AP Photo

Mutaxassis koronavirus pandemiyasini XX asr boshidagi “ispan grippi”ga qiyoslagan va global ko‘lamda koronavirus pandemiyasi “JSST kutgandek avj olayotganini” aytgan.

“‘Ispan grippi’ bilan taqqoslash shuni ko‘rsatmoqdaki, u ham o‘zini hozirda koronavirus kabi tutgan. 1918-yil yozida u pasaygan va sentabr hamda oktabrda qaqshatqich tarzda yana avj olgan va uning ikkinchi to‘lqini vaqtida 50 million kishi halok bo‘lgan”, — deb ta’kidlaydi Gerra.

“Pandemiya o‘zini biz kutayotgandek tutmoqda”, — deya qo‘shimcha qiladi mutaxassis.

Gerraning bu so‘zlari Yevropa va dunyoning boshqa mintaqalarida karantin cheklovlari yumshatilayotgani ortida, yangradi. Euronews telekanalining xabar berishicha, JSSTning Yevropadagi bo‘limi mutaxassislari Yevropada cheklovlar bekor qilina boshlangandan keyin koronavirus jadal tarqala boshlaganidan xavotir olmoqda.

Mutaxassislar agar tezkor choralar ko‘rilmasa, Yevropa davlatlari sog‘liqni saqlash tizimi yana tanazzulga yuz tutishidan ogohlantiryapti.

JSSTning Yevropa bo‘yicha mintaqaviy byurosiga kiruvchi davlatlarda oxirgi haftada 130 mingdan ko‘proq yangi kasallanish holati qayd etilgan. “Oxirgi 2 hafta davomida 30 ta davlatda yangi holatlar ko‘payayotgani qayd qilinmoqda. Bu davlatlardan 11 tasida infeksiya tarqalishi tezlashgani ko‘p sonda kasallanish holatlariga olib keldi va bunga qarshi biror chora ko‘rilmasa, Yevropa sog‘liqni saqlash tizimi yana tanazzulga yuz tutadi”, — deydi byuro direktori Xans Klyuge.

Worldometer portalining oxirgi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda dunyoda virusga chalinganlar soni 10 milliondan, undan vafot etganlar soni 500 mingdan oshib ketdi.

Ma’lumot uchun, “ispan grippi” (ispanka) epidemiyasi 1918-yil yanvaridan 1920-yilgacha davom etgan. Unga butun dunyoda kamida 550 million kishi chalingan. Undan vafot etganlar soni 50-100 milliongacha deb baholanadi. Shunga ko‘ra, “ispanka”dan o‘lim darajasi 20 foizgacha yetgan.

Avvalroq JSST Yevropada karantin cheklovlari olib tashlangach, koronavirus infeksiyasiga chalinish holatlari keskin oshganini bildirgan edi.