Britaniyaning The Rolling Stones rok-guruhi AQSh prezidenti Donald Trampga prezidentlik lavozimi uchun o‘tkazilayotgan saylovoldi kampaniyalarida guruhning musiqalaridan foydalanishni taqiqlab qo‘ydi. Bu boradagi tegishli bayonotni jamoa nomidan BMI mualliflik huquqini himoya qilish tashkiloti e’lon qildi, deb yozadi Rolling Stone jurnali.

Foto: Reuters

“BMI Trampning saylovoldi kampaniyasini The Rolling Stones qo‘shiqlaridan ruxsatsiz foydalanish litsenziya bitimining buzilishiga sabab bo‘lishi haqida xabardor qildi”, — deyiladi bayonotda.

Tramp guruhning taqiqiga e’tibor qaratmasa va ularning musiqasidan foydalanishni davom etsa, taqiqni buzganligi va foydalanishga litsenziyasi berilmagan musiqani ijro etgani uchun sudga tortiladi.

2016-yilgi saylov kampaniyasi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlarda Britaniya guruhining ko‘plab kompozitsiyalari, xususan, You Can’y Always Get What You Want qo‘shig‘i ham ijro etilgan.

Eslatib o‘tamiz, AQShda navbatdagi prezidentlik saylovlari 2020-yilning 3-noyabri kuni bo‘lib o‘tadi. Amerikaliklarning qariyb yarmidan ko‘pi Tramp 2020-yilgi saylovlarda g‘olib bo‘lishiga ishonadi.