Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida 18 yoshli juvon yashash uyidan osilgan holda topildi. Marhumaning onasi Muhabbat Nurimova qizining o‘limida kuyovining qo‘li borligini aytmoqda. “Daryo” muxbiri Otabek Qo‘ldoshev fuqaro murojaatiga ko‘ra, voqea tafsilotlarini o‘rgandi.

Muhabbat Nurimova

Foto: “Daryo”

“2020-yil 9-may kuni ertalab soat 10:00 da kuyovim bizga qo‘ng‘iroq qilmay, qo‘shnimizga qo‘ng‘iroq qilgan va bizni so‘ragan. Telefonni olib gaplashsam, qizim o‘zini osib qo‘yganini, uydan chiqqaniga o‘n daqiqa bo‘lganda shu voqea sodir bo‘lganini aytdi. Qizim va kuyovim yashaydigan uyini bilmaganim sabab manzilni so‘radim va voqea joyiga yetib bordim”, — deydi Muhabbat Nurimova.

Muhabbat Nurimovaning aytishicha, u o‘sha kuni qizi va kuyovi bergan manzilda yashamaganligini bilgan.

“Kuyovim menga boshqa manzilda yashayotganliklarini aytgandi. Ammo o‘sha shum xabarni eshitganimda ular boshqa manzilda yashaganligini bildim va voqea joyiga yetib bordim. Borganimda qizimning jasadi sovib ulgurgan ekan. Ko‘zlari bo‘rtib chiqqan, ko‘karib ketgandi”, — deydi marhumaning onasi.

“Nabiram haqidagi xabarni eshitgach, aytilgan manzilga bordik. Borganimizda IIB xodimlari va qo‘shnilari bor ekan. Nabirangiz shu bilan o‘zini osgan, deya bir sharfni ko‘rsatishdi. Sharf ikki qarich ham chiqmasdi. Qolaversa, juda yumshoq ekan. Bu yumshoq sharf odamni bo‘g‘ib, o‘ldirishiga ishonmasligimni aytdim. Shuningdek, nabiramning bo‘yi uzun edi. O‘zini osgani aytilgan eshikka bo‘yi yetardi. O‘zini osgan odam jon talvasasida harakatlanadi va oyoq kiyimi har tomonga otilib ketadi. Ajablanarlisi, nabiramning oyoq kiyimi esa chiroyli qilib, taxlab qo‘yilgandi. Shuningdek, o‘zini osgani aytilgan eshik oynali bo‘lsa-da, unga zarar yetmagan”, — deydi marhumaning buvisi Mavjuda Rahmatova.

Mavjuda Rahmatova

Foto: “Daryo”

Marhumaning onasi Muhabbat Nurimovaning aytishicha, Koson tumanida yashovchi kuyovi Sh.G‘. qizining nomusiga teggani uchun unga turmushga berishga majbur bo‘lgan.

“2020-yilning 25-yanvar kuni biz bilan bozorda savdo qiluvchi kosonlik Sh.G‘. qizimni ‘uyingga olib borib qo‘yaman’ deb aldab, qurilishi bitmagan eski joyga olib borgan va qizimning nomusiga teggan. O‘sha payt IIBga murojaat qilib, holat haqida bildirmoqchi bo‘lganimizda ‘meni sharmanda qilmang, to‘rt nafar farzandim bor’ degandi. Aybini yuvish uchun qizimga uylanishini aytib yalingandi. Har ikki tomon ham gap-so‘zga qolmaylik, deb qizimni unga bergandim”, — deydi Muhabbat Nurimova.

Muhabbat Nurimovaning aytishicha, Sh.G‘. aybini yuvish uchun uydagilari va turmush o‘rtog‘ini rozi qilib, qarindoshlari Bahodir va Marhabo ismli er-xotinni sovchilikka yuborgan. 2020-yil 3-mart kuni esa Mohinur Jo‘rayevaga uylanib, Qarshi shahridagi ko‘p qavatli uyiga olib ketayotganini bildirgan.

Marhuma Mohinur Jo‘rayeva

Foto: “Daryo”

“Sh.G‘. sovchi yuborib, qizimni shar’iy nikohiga olganidan so‘ng ‘Qarshida uyim bor. O‘sha yerga olib ketyapman’ dedi. Karantin boshlanib qolgach esa ‘Qarshiga borib-kelish qiyin bo‘lyapti, qizingiz och qolib ketyapti’ deb qizimni Kosonga — turmush o‘rtog‘i va bolalarining oldiga olib keldi. Hali turmush qurganiga bir oy ham bo‘lmagan qizimni Sh.G‘.ning xotini haqoratlab, ko‘ch-ko‘ronini ko‘chaga uloqtirgan va uydan haydab chiqargan”, — deydi Muhabbat Nurimova.

Marhuma yaqinlarining ta’kidlashicha, bu kabi mojarolar aprel oyi davomida bir necha marotaba sodir bo‘lgan.

“Bu kabi holatlar davom etavergach, kuyovim qizimni tuman markazidagi ‘dom’ga ko‘chirdi. Qizimni o‘sha yerda ham tinch qo‘yishmadi. Baqir-chaqir, urush-janjal davom etgach, qizimni uyimga olib keldim va u men bilan 4-maygacha birga yashadi. O‘sha kuni kuyovim qizimga telefon qilib, yangi uy sotib olganini aytgan va uni olib ketdi”, — deydi marhumaning onasi.

Muhabbat Nurimovaning bildirishicha, qizi 4-may kuni kuyovi bilan chiqib ketib, kayfiyati yomon holatda qaytgan.

“Qizim o‘sha kuni menga nimadir demoqchi bo‘ldi, ammo aytolmadi. ‘Aytsam, musulmonchilikka to‘g‘ri kelmaydi’ dedi, lekin aytmadi. Gapining oxirida ‘qaytay, hammasini aytaman, ammo kuyovingiz bilmasin’ dedi. Nimani aytmoqchi bo‘ldi, nega bunday dedi, bilolmay qoldim”, — deydi onaizor.

Ma’lumot berilishicha, marhuma Mohinur Jo‘rayeva 4-may kuni turmush o‘rtog‘i Sh.G‘. bilan ketgan va ona uyiga qaytib kelmagan.

“7-may kuni qizimning tug‘ilgan kuni edi — 18 yoshga to‘lgandi. Ammo o‘sha kun ham kuyovim bizni gaplashtirmadi. Faqat esdalikka qoladi, deya qizim tushgan videoni jo‘natdi. Shu-shu 9-may kuni qizimning o‘z joniga qasd qilganini aytishdi. Nima qilgan bo‘lsa ham kuyovim qilgan. Qizimning 18 yoshga to‘lishini kutgan va undan qutulgan. Buni oxirgi paytlarda biz bilan umuman gaplashtirmay qo‘yganidan ham bilsa bo‘lardi”, — deydi marhumaning onasi Muhabbat Nurimova.

Mavjuda Rahmatova xonadoni

Foto: “Daryo”

Muhabbat Nurimovaning aytishicha, mazkur voqea sodir bo‘lganiga salkam ikki oy vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, tuman prokuraturasi tergovchisi Hasan Qurbonovning ish bilan shug‘ullanishi juda sust.

“Bosh prokuror o‘rinbosarining viloyatdagi qabuliga borib, bu haqda shikoyat qilganimdan so‘nggina ishga kirishishdi, — deydi Muhabbat Nurimova. — ‘Nega buncha ishlaringiz sust, surishtirmayapsizlar, qizimning o‘limiga sababchi bo‘lgan kuyovim haliyam bemalol yuribdi-ku’ desam, tergovchilar bir-biriga qarab kulishib ‘nega ishga kirishmayapsiz, kimdir kelib so‘rab turishi kerakmi?’ deb kalaka qilishadi.

Qashqadaryo viloyat prokuraturasi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2020-yil 9-may kuni Koson tumani “Boyg‘undi” mahallasi Islom Karimov ko‘chasi 26-uyda yashab kelgan 2002-yilda tug‘ilgan Mohinur Jo‘rayeva yashash uyining mehmonxonasi eshigiga osilgan holda vafot etgan.

“O‘tkazilayotgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida marhuma Mohinur Jo‘rayevaning qarindoshlari uning turmush o‘rtog‘i bilan o‘rtalarida doimiy ravishda urush-janjal bo‘lib kelganligini bayon qilgan. Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasida marhumaning o‘limiga bo‘yin a’zolari siqilishidan yuzaga kelgan mexanik asfiksiya sabab qilib ko‘rsatilgan”, — deyiladi viloyat prokuraturasi xabarida.

Sud-ekspertiza xulosasida aytilishicha, marhumaning o‘limi osilgan holda topilishidan uch-to‘rt soat oldin ro‘y bergan. Murdadagi o‘zgarishlar — mushak qotishi, murda dog‘lari va murda sovishi shunday xulosaga sabab bo‘lgan. Holbuki, Muhabbat Nurimovaning aytishicha, kuyovi unga uydan chiqib ketganiga o‘n daqiqa o‘tar-o‘tmas qizi o‘zini osib qo‘yganini bildirgan.

Sud-ekspertiza, shuningdek, marhumaning tanasida o‘limidan oldin jarohatlar bo‘lganligini ham ma’lum qilgan. Ta’kidlanishicha, bu jarohatlar marhuma o‘limidan ikki-uch kun oldin orttirilgan.

Mavjuda Rahmatova xonadoni

Foto: “Daryo”

“Marhumaning tana jarohatlari — o‘ng yelka sohasidagi qontalash va shilinmasi, chap oldi ko‘krak sohasida va chap yelkadagi qontalashi, chap tizza oldi sohasidagi qontalashi, chap orqa qismidagi qontalash ko‘rinishidagi jarohatlari biror-bir o‘tmas jism ta’sirida hosil bo‘lishi mumkin. Jarohat yetkazilgan muddat marhuma o‘limidan ikki-uch sutka oldin bo‘lishi mumkin”, — deyiladi Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi viloyat filiali mutaxassislari bergan xulosada.

Aniqlik kiritilishicha, hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 103-moddasi 1-qismi (Shaxsni qo‘rqitish, unga rahmsiz muomala qilish yoki uning sha’ni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitish natijasida uni o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yoki o‘zini o‘zi o‘ldirishiga suiqasd qilish darajasiga yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va Koson tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Daryo” voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.