Apple sekin-asta o‘zining iPhone qurilmalarini uydan chiqishda olinishi kerak bo‘lgan yagona devaysga aylantirish ustida ish olib bormoqda. Smartfondan hozirda hamyon, mashina yoki kvartira kaliti sifatida foydalanish mumkin. Apple bu bilan to‘xtab qolish niyatida emas va iPhone’ni raqamli pasport, haydovchilik guvohnomasi yoki boshqa istalgan shaxsni tasdiqlovchi hujjatga aylantirishni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi Apple Insider.

Foto: Apple

Bugungi kunda smartfonlar alohida qayd daftarcha, kamera va ko‘tarib yurish kerak bo‘lgan boshqa ko‘plab buyumlar o‘rnini egallab ulgurdi. Endilikda smartfonlar yo‘qotib qo‘yish mumkin bo‘lgan ortiqcha hujjatlardan ham voz kechishga yordam beradi.

Jurnalistlar Apple’ning Providing Verified Claims of User Identity (foydalanuvchi shaxsining tasdiqlangan ma’lumotlarini taqdim etish) umumiy nomi ostida bir qator yangi patentlarini aniqlagan. Unda foydalanuvchi shaxsini tasdiqlovchi hujjatni olish, ularni qayd etish, uzatish va tasdiqlatish usullari izohlangan. Shu bilan birga, kompaniya biror joyida iPhone’ni yodga olmagan, biroq tez-tez har qanday texnologiyaning bir qismi bo‘lishi mumkin bo‘lgan qurilma haqida yozgan.

Izohlarga ko‘ra, u quyidagi tartibda ishlashi mumkin: iPhone’ga qandaydir ID forma taqdim etiladi. Qurilma egasi masalan, Apple Watch biometrik datchiklari bilan tekshirilgan bo‘lsa, jo‘natilgan ma’lumotlar tasdiqlangani haqida xabar keladi. Kompaniyaning patent arizasida, asosan, pasport bilan ishlash haqida yozilgan, biroq u boshqa ko‘plab hujjatlar bilan ham ishlay oladi.

Apple’ning internet-servislari bo‘yicha va Apple Pay vitse-prezidenti Jennifer Beyli 2019-yilda kompaniya shaxsni tasdiqlovchi ma’lumotlarni smartfonda saqlash imkoniyatini taqdim etishi, biroq bu juda qiyin ekanligi haqida gapirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tez orada amalga oshirilishi mumkin, ammo kompaniyaning ishga tushiriladigan boshqa servislari kabi tez emas.

Avvalroq yangi BMW modellarini iPhone yordamida ochish mumkin bo‘lgan imkoniyati taqdim etilishi haqida xabar berilgandi.