LG kompaniyasi 2021-yilda Project B shartli nomi ostida displeyi yig‘ilgan holda korpus ichiga yashirinadigan smartfonni taqdim etadi, deb yozadi TheElec.

Foto: Hi-Tech.Mail.ru

Ma’lum bo‘lishicha, kompaniya o‘zining Janubiy Koreyadagi zavodida yig‘iluvchi displeyga ega smartfon prototipini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Project B yordamida kompaniya premium va innovatsion smartfonlar ishlab chiqaruvchi maqomini qaytarib olish niyatida. LG uchun mobil telefonlar biznesi ketma-ket 5 yildan buyon zarar keltirmoqda.

Smartfon “rulon” nomini olgan bo‘lib, uning displeyi zarurat tug‘ilganida korpusdan chiqarib olinadi. Buning uchun Xitoyning BOE kompaniyasi ishlab chiqaruvchi egiluvchan OLED-displeyidan foydalaniladi.

Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, yig‘iluvchi displeyga ega smartfonni ishlab chiqarish, buklanuvchi ekranga ega qurilmani ishlab chiqarishdan ko‘ra qiyinroq. Displey ochilganida uni qo‘llab-quvvatlovchi konstruksiyani o‘ylab topish ham kerak.

Bunga qadar Xitoyning TCL kompaniyasi prototiplaridan birida shu kabi g‘oyani ilgari surgan edi — smartfon odatdagi holatda standart ko‘rinishga ega, zarurat tug‘ilganida esa displeyni yonga tortib chiqarish mumkin.

LG’ning smartfon-ruloni 2021-yilga borib bozorlarga paydo bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, kompaniya 2021-yilning birinchi yarim yilligida klassik premium flagmanni taqdim etishni rejalashtirmoqda, biroq hozircha u haqida ma’lumotlar oshkor etilmagan.