Internetda “Moskva Siti” ishbilarmonlik markazi hududida bozorga K5 nomi ostida sotuvga chiqadigan yangi Kia Optima harakatlanayotgani tasvirlangan suratlar paydo bo‘ldi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, sedan reklama fotosessiyasida ishtirok etgan, bu esa modelning savdolari tez orada boshlanishidan dalolat beradi, deb xabar qiladi Motor.

Foto: “Kia-Clubs.ru”

Kia K5 — kompaniya Optima nomidan voz kechib, barcha bozorlar uchun yagona nomga o‘tgan — Janubiy Koreya variantidan farq qilmaydi. Sedanga ikki turdagi dvigatel o‘rnatilishi ma’lum qilingan: 2,0 va 2,5 litrli atmosfera dvigateli. Kichkina dvigatel Hyundai Sonata’ga (150 ot kuchi va 192 Nm aylanuvchi moment) ham o‘rnatilgan bo‘lib, u olti pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi yordamida boshqariladi; katta variant esa 194 ot kuchiga ega va u sakkiz pog‘onali avtomatik transmissiya bilan birgalikda ishlaydi.

Foto: “Kia-Clubs.ru”

Rossiyada Kia K5 modeli hozirda eski Optima yig‘ilayotgan Kaliningraddagi “Avtotor” zavodida ishlab chiqariladi. Ishlab chiqaruvchining so‘zlariga ko‘ra, savdolar 2020-yilning yoz fasli oxirlaridan boshlanadi.

Bundan oldingi Kia Optima modeliga 150 ot kuchiga ega 2,0 litrli yoki 188 ot kuchiga ega 2,4 litrli agregat o‘rnatilgan edi. Uning narxi 19 ming dollar atrofida. Optima sedani Rossiya bozorlarida eng ko‘p sotiladigan Kia modellaridan hisoblanadi: 2020-yilning o‘tgan besh oyi davomida 6 mingdan ortiq shu turdagi modeldan sotilgan.

Eslatib o‘tamiz, Moskvada eng ko‘p o‘g‘irlanadigan avtomobillarning 2018-yilgi reytingidan Kia Optima ham o‘rin olgan, 2019-yilda esa ushbu ro‘yxatda Optima o‘rnini Kia Rio egallagan edi.