Toshkent shahridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida yana 2 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 24 nafar, Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasida 41 nafar, shahar 1-son klinik shifoxonasida yana 18 nafar, 3-son tug‘ruq kompleksida 5 nafar, jami 90 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor sog‘ayib, 3-iyul kuni o‘z uyiga kuzatildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Avvalroq Toshkent va Namanganda 127 nafar bemor sog‘aygani haqida xabar berilgandi. Shu tariqa, O‘zbekistonda 3-iyul kuni 217 kishi koronavirus infeksiyasidan forig‘ bo‘ldi va sog‘ayish ko‘rsatkichi bo‘yicha yangi kunlik rekord o‘rnatildi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldingi rekord ko‘rsatkich 27-iyun kuni qayd etilgan bo‘lib, 202 nafar bemor tuzalgan va uyiga kuzatilgandi.

Vazirlikning qayd etishicha, 3-iyul kuni Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida 212 nafar bemor koronavirus infeksiyasidan tuzalib, ayni paytgacha Toshkent shahri va viloyatida COVID-19’dan sog‘ayganlar soni 3837 nafarga yetdi.

Hozirda mamlakat bo‘ylab sog‘ayganlar soni 6251 nafarni tashkil etmoqda. O‘zbekistonda 3-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 127 kishiga ko‘payib, 9326 nafarni tashkil etmoqda. Shu paytga qadar 28 nafar bemor kasallik asoratlari oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.