Smartfon kompyuter klaviaturasi kabi bakteriyalar yashaydigan asosiy joylardan biri hisoblanadi. Koronavirus pandemiyasi sabab ko‘pchilik shaxsiy gigiyenaga e’tibor qarata boshladi, shu sababli Samsung kompaniyasi yangi ITFIT UV Streilizer nomli simsiz quvvatlantirgichni taqdim etdi. Yangi qurilma gadjetni ultrabinafsha nurlar yordamida tozalay oladi, deb xabar qiladi Hi-Tech.Mail.ru.

Foto: Samsung

Qurilma tashqi ko‘rinishi jihatidan oddiy oq qutiga o‘xshaydi. Foydalanuvchi o‘zining smartfonini (uning ichiga hatto 6,9 dyuymli Galaxy S20 Ultra ham sig‘adi) qurilma ichiga soladi. Mazkur yangilik orqali nafaqat smartfonni, balki boshqa simsiz gadjetlarni ham quvvatlantirish mumkin: soat yoki naushniklar. Qurilma 10 Vatt quvvatni taqdim etishga qodir.

ITFIT UV Sterilizer batareya quvvatini to‘ldirishdan tashqari, qurilmani dezinfeksiya qilishga ham qodir. Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, quti ichiga joylashtirilgan qurilmadagi 99 foiz zararli mikroorganizmlar 10 daqiqada yo‘q qilinadi.

Hozircha ITFIT UV Sterilizer faqatgina bitta bozorda — Tailandda sotilmoqda. Qurilmaning narxi 51 dollar. Quvvatlantirgich qachondan boshlab boshqa davlatlarda sotuvga chiqishiga aniqlik kiritilmagan.

Avvalroq Massachusets texnologiya instituti tadqiqotchilari har qanday bino ichini avtomatik rejimda dezinfeksiya qiluvchi ultrabinafsha lampalarga ega robotni yaratgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Mazkur robot 380 metr kvadratga ega binoni tozalash uchun 30 daqiqa vaqt sarflaydi.