OAV vakillari uchun 4-iyul, shanba kuni Zangiota tumanida qurilayotgan ko‘p tarmoqli maxsus shifoxonaga press-tur tashkil etildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi va AOKA tomonidan tashkil etilgan tadbirda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov jurnalistlar savollariga javob qaytardi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov xabar bermoqda.

Foto: “Daryo”

Shodmonov o‘z intervyusida 1-sonli Respublika klinik shifoxonasi yopilishi bilan bog‘liq gap-so‘zlarga ham oydinlik kiritib o‘tdi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan mish-mishlarning barchasi asossiz. Shifoxona o‘z maqomida, o‘z joyida to‘liq quvvatda faoliyat yurityapti. Hamma bo‘limlari belgilangan tartibda tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Uning yopilishi yoki boshqa joyga ko‘chishi bo‘yicha bizga hech qanday topshiriq bo‘lgani yo‘q. Shifoxona bundan keyin ham o‘z yo‘nalishida faoliyatini davom ettiradi va hamon vazirlik balansida yuridik shaxs sifatida saqlanib turibdi.

1-sonli Respublika klinik shifoxonasida xizmat qiluvchi tibbiyot xodimlarining bir qismini Zangiota tumanidagi mazkur yangi muassasaga o‘tkazamiz. Ular, albatta, o‘z xohishi bilan kelishyapti”, — dedi Alisher Shodmonov.

Ma’lumot uchun, shifoxonada 15 yo‘nalishda, ya’ni 8 terapevtik va 7 jarrohlik (rejali, shoshilinch) kasalliklari bo‘yicha davolanadi. Oxirgi ikki yilda shifoxonada Rossiya, Janubiy Koreya va Polshadan yuqori malakali olimlar taklif qilinib, ular bilan hamkorlikda 24 bemorda 3 turdagi murakkab operatsiyalar amalga oshirildi.

124 nafar shifokor faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiy muassasa Litvaning Kaunas respublika shifoxonasi, Janubiy Koreyaning Yonsey universiteti va Hindistonning Medanta klinikalari bilan hamkorlik memorandumini imzolagan.