BMW kompaniyasi o‘z avtomobillarining ayrim funksiyalariga obunani sotishni boshlaydi. Bu kabi funksiyalar avtomobil brendining barcha yangi avtomobillariga o‘rnatiladi, deb xabar beradi TechCrunch.

Foto: TechCrunch

BMW’ning ma’lum qilishicha, avtomobil egalari transport vositasida mavjud, biroq uni xarid qilish vaqtida faollashtirilmagan zaruriy apparat funksiyalariga obuna bo‘lishlari mumkin. Masalan, o‘rindiqlarni isitish, faol kruiz-nazorat yoki navigatsiya funksiyalariga obuna joriy etiladi. Agarda qaysidir funksiya mashina egasiga yoqmasa yoki o‘z dolzarbligini yo‘qotsa, undan voz kechish mumkin bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, aks holda BMW avtomobillarni barcha funksiyalar bilan ishlab chiqarishga majbur bo‘ladi, bu esa o‘z navbatida ishlab chiqarish xarajatlarini oshiradi. Kompaniyadagilarning qayd etishicha, obunadan keladigan daromad xarajatlarni qoplashga xizmat qiladi.

Shuningdek, avtogigant vakillarining so‘zlariga ko‘ra, mazkur yangilik minilgan BMW xaridorlari uchun ham foyda beradi. Mashinaning yangi egasi uni o‘ziga moslab olishi mumkin. Obunani rasmiylashtirishni internet orqali amalga oshirish mumkin. Obunaning joriy etilish sanasi va funksiyalar narxi to‘g‘risida hozircha ma’lumot berilmagan.

Ta’kidlash kerakki, bu kabi obuna Tesla’da mavjud bo‘lib, uning yordamida akkumulyator sig‘imining dasturiy blokini yechish yoki avtopilotni yoqish mumkin.

Avvalroq yangi BMW modellarini iPhone yordamida ochish mumkin bo‘lgan imkoniyati taqdim etilishi haqida xabar berilgandi.