14:31, 04.07.2020 // 41235

Ijrosi har qanday film muvaffaqiyatini ta’minlaydigan aktyorlar

Leonardo Di Kaprio

Foto: Getty Images

Gollivud yulduzi Leonardo Di Kaprio o‘ziga xos mahorati va iste’dodi bilan nafaqat muxlislar, balki kinotanqidchilarning ham e’tirofiga sazovor bo‘lgan. Aktyor turli janrdagi obrazlarni gavdalantirishda bor mahoratini ishga soladi va har tanlagan rolini maromiga yetkazadi. “Titanik”, “Shovvoz Getsbi”, “Ibtido”, “Eplasang, ushlab ol”, “La’natlanganlar oroli”, “Bir kuni Gollivudda” va boshqa bir qancha filmlarni tomosha qilib, aktyorga tasanno aytish mumkin. “Omon qolgan” filmidagi ijrosi uchun uzoq kutilgan “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritgan aktyor ishtirok etgan barcha loyihalar muvaffaqiyatga erishishi aniq.

Jeyk Jillenxol

Foto: Getty Images

Jeyk ham turli-tuman rollarni qoyillatib ijro qiladigan aktyorlardan biri hisoblanadi. “Bukri tog‘” filmidagi rolidan keyin tanilgan aktyor bir qancha loyihalarda ishtirok etib, omadli natija qayd etilishiga sababchi bo‘lgan. Tanlagan rollariga nazar tashlab, uning rol tanlash borasida didi chakki emasligini bilish mumkin. Ayniqsa, “Fors shahzodasi” filmidagi ijrosini Jillenxolning eng muvaffaqiyatli rollaridan biri deb atash mumkin.

Xoakin Feniks

Foto: Getty Images

“Joker” filmidagi ijrosidan keyin “Oskar”ga sazovor bo‘lgan Feniks bunga qadar ham esda qolarli va omadli filmlarda suratga tushgan. Imperator Kommod, Jonni Kesh va boshqa filmlardagi qahramonlarni gavdalantirgan aktyor har qanday loyihaning muvaffaqiyatini ta’minlaydi.

Uill Smit

Foto: Getty Images

So‘nggi vaqtlarda ko‘p suratga tushmayotgani Uillning bir necha o‘n yillar davomida eng yaxshi aktyorlardan biri bo‘lganini inkor etolmaydi. Uning ijrosidagi 2002 va 2013-yillarda suratga olingan filmlar 150 million dollardan kam bo‘lmagan daromad olib kelgan. Arsenalidagi rollar maqtovga arzigulik bo‘lsa-da, aktyor hali biron marta ham nufuzli kinomukofotni qo‘lga kiritmagan.

Deniyel Dey-Lyuis

Foto: Getty Images

Ushbu ro‘yxatdan Deniyelning o‘rin olmasligi mumkin emas. Chunki u ijro qilgan filmning muvaffaqiyatli chiqishi aniq. Aktyor arsenalida atigi 20 ta film bo‘lishiga qaramay, u “Eng yaxshi aktyor” nominatsiyasi bo‘yicha uch marotaba “Oskar” mukofotiga loyiq ko‘rilgan. Deniyel rollarni chertib-chertib tanlagani uchun ham uning ijrosidagi filmlarni kamdan kam ko‘rish mumkin. Masalan, u so‘nggi 20 yil ichida atigi 6 ta filmda suratga tushgan va ijrosi uchun 4 marta “Oskar”ga nomzodi qo‘yilgan.

Eng ko‘p o‘qilgan

Qidiruv