Ijtimoiy tarmoqda 2020-yilning 4-iyul kuni  “Chirchiqda Nexia daryoda oqib ketibdi” sarlavhasi ostida video lavha tarqalgan. Ushbu video bo‘yicha IIV YHXBB axborot xizmati rasmiy bayonot berdi.

Qayd etilishicha, 2020-yil 30-iyun kuni soat taxminan 18:20 da, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani hududidan o‘tgan 4R12 Bektemir—Chorbog‘ avtomobil yo‘lining 32 kilometrida haydovchi 2001-yilda tug‘ilgan I.M. Nexia rusumli transport vositasida harakatlanayotib, ehtiyotsizligi oqibatida boshqaruvni yo‘qotgan.

Oqibatda haydovchi X.J. boshqaruvida bo‘lgan “Zil” yuk avtomashinasining yon tomoniga urilgan va ushbu hudud atrofidan o‘tgan Chirchiq daryosiga tushib ketgan. Daryoga tushish vaqtida haydovchi avtomobildan tushib qolishga ulgurgan.

“Ushbu hodisa natijasida tan jarohati olganlar yo‘q. Nexia daryodan chiqarib olingan”, — deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Yuqori Chirchiq tumani IIB YHXB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq Samarqandda Malibu va MAN to‘qnashishi oqibatida 3 kishi, Buxoroda Damas eshak aravani urib yuborishi oqibatida 25 yoshli ayol, Cobalt’ning yuk mashinasiga urilishi oqibatida 3 kishi, Farg‘onada esa Damas’lar ishtirokidagi YTHda haydovchilardan biri, Surxondaryoda esa “VAZ-2101” Malibu bilan to‘qnashib, yonib ketishi oqibatida haydovchi va yo‘lovchi vafot etgani haqida xabarlar berilgan edi.