Buxoro viloyatining Olot tumanida xavfsizlik kamarini taqmay yo‘l qoidasini buzib harakatlanib kelgan Damas haydovchisi burilish chiroqlarini yoqmay burilgani uchun ortidan kelayotgan ikkita Spark’ni ta’mirtalab ahvolga soldi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB YHXB matbuot xizmati rahbari Ulug‘bek Shukrullayev xabar berdi.

Foto: Buxoro viloyat IIB YHXB

Ta’kidlanishicha, voqea 2020-yil 30-iyun kuni soat 19:30 da Olot tumanidagi “Oq oltin” mahallasi hududidan o‘tgan Olot—Jumabozor avtomobil yo‘lining birinchi kilometrida sodir bo‘lgan.

Foto: Buxoro viloyat IIB YHXB

“Xalqaro ahamiyatiga molik ushbu yo‘lda Damas haydovchisining yo‘l harakati qoidalariga amal qilmagani ikkita avtomobilning ta’mirtalab ahvolga kelishiga sabab bo‘ldi”, — deydi Ulug‘bek Shukrullayev.

Foto: Buxoro viloyat IIB YHXB

Damas va ikki Spark ishtirokidagi YTHda Damas haydovchisining o‘ng oyoq boldir suyagi yorilgan va tuman shifoxonasiga yotqizilgan.

Foto: Buxoro viloyat IIB YHXB

Holat yuzasidan hozirda tergov-surishtiruv jarayonlari ketmoqda.

Iyun oyi yakunida Damas’lar ishtirokidagi YTHlar soni sezilarli darajada ortdi. 2020-yilning 27-iyun kuni Farg‘onada ikkita Damas to‘qnashishi oqibatida Damas’lardan birining haydovchisi vafot etgan bo‘lsa, Marg‘ilonda Damas piyodani urib yuborishi oqibatida piyoda vafot etdi. Shuningdek, Buxoro viloyatining Romitan tumanida Damas’ning eshak aravaga urilishi oqibatida 25 yoshli ayol vafot etdi.