Buxoroda mast holda bo‘lgan yosh yigit va 65 yoshli otaxonning janjali qotillik bilan yakunlandi. Bu haqda Tergov departamenti xabar berdi.

Foto: Tergov departamenti

Ma’lum bo‘lishicha, Shofirkon tuman kasalxonasi 2-iyul kuni soat 03:25 da tuman IIBga 24 yoshli M.F. va 65 yoshli Ya.N. tan jarohatlari olib murojaat qilganliklari to‘g‘risida xabar bergan. Mazkur xabar asosida hodisa sodir bo‘lgan joyga tergov-tezkor guruhi yuborilgan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruvda shu kuni soat 00:30 da Ya.N. o‘z uyida M.F. bilan spirtli ichimlik iste’mol qilgani, o‘rtalarida kelib chiqqan kelishmovchilik va janjal oqibatida Ya.N. uyida bo‘lgan temir armatura bo‘lagi bilan M.F.ning boshiga bir necha marotaba urib tan jarohati yetkazgani aniqlangan.

Shundan so‘ng M.F. keksa Ya.N.ning qo‘lidan temir armatura bo‘lagini tortib olib, uni ham tanasining bosh, ko‘krak, qorin sohalariga bir necha marotaba qasddan urib, tan jarohati yetkazgan.

65 yoshli Ya.N. tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelinib, ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Holat yuzasidan Shofirkon tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan M.F.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (Jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.