Namangan muhandislik-texnologiya instituti hamda Belarus milliy texnika universiteti o‘rtasida talabalar almashinuvi, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish va qisqa muddatli stajirovkalar tashkil qilish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.

Foto: NamMTI axborot xizmati

Institutda xorijiy oliy ta’lim muassasasi tajribasi va salohiyatidan foydalangan holda robototexnika va sanoat dizayni yo‘nalishlari bo‘yicha “2+2” qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Bundan ko‘zlangan maqsad biznes inkubatorlar va bilimlar uzatish ofislarini yaratish, innovatsion markazlar faoliyatini takomillashtirishdan iborat.

Mazkur loyihani shu yil avgust oyida amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Foto: BNTU axborot xizmati

— Dastlabki o‘quv yili uchun 50 nafar talaba qabul qilinadi. Qo‘shma ta’lim dasturi asosida robototexnika sohasidagi injiner-texnologlar, sanoat dizaynerlari, trikotaj mahsulotlari bilan ishlovchi muhandislar, axborot xavfsizligi va raqamli tizimlar mutaxassislari tayyorlanadi, — deydi NamMTI ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Oybek Ergashev. — Talabalar ikki yil Namanganda, yana ikki yil Belarusda tahsil oladi. Bu ikki tomonlama diplom olish imkoniyatini beradi. Magistratura bosqichi bir yil bo‘lib, xohlagan davlatda ta’limni davom ettirish mumkin.