O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlar doirasida yana bir insonparvarlik yuki Qirg‘izistonga yetib bordi. Bu haqda Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati

Qayd etilishicha, ushbu insonparvarlik yordami tarkibida 50 komplekt kislorodning mobil konsentratori va 100 dona sun’iy nafas oldirish apparati bor.

Umumiy og‘irligi 8 tonnani tashkil etuvchi insonparvarlik yordami yuki aviaparvoz orqali barcha sanitariya-epidemiologiya me’yorlariga rioya qilingan holda yetkazib berilgan.

Qirg‘iziston hukumati ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorchilik bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston koronavirusga qarshi kurashda yordam berish uchun Qirg‘izistonga bundan avval ikki marta yordam jo‘natgan.

Ma’lumot uchun, Qirg‘izistonda 4-iyul holatiga ko‘ra, koronavirusga chalinganlar soni 7094 kishiga yetdi. Ularning 2714 nafari sog‘aygan, 78 nafari virus qurboniga aylangan.