O‘zbekistonda 3-iyul soat 23:30 dan 4-iyul soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 312 ta holat aniqlandi. 23-iyundan beri bir kunlik kasallanishlar soni 200 tadan yuqori bo‘lmoqda, ikki kundan buyon esa 300 tadan yuqori bo‘lmoqda. Bir kun ichida 312 kishida koronavirus aniqlanishi 3-iyuldagi rekorddan (318 kishi) keyingi ikkinchi natijadir. Yangi kasallanish holatlaridan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 9708 nafarga yetdi.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning

  • 162 nafari karantin muassasalarida;
  • 142 nafari aholi orasida (Toshkent shahrida — 105 nafar, Toshkent viloyatida — 36 nafar, Buxoro viloyatida — 1 nafar);
  • 8 nafari xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilarida orasida (barchasi Sirdaryo viloyatida) aniqlangan.

Kun davomida 6 ta hududda yangi kasallanganlar qayd etildi. Ushbu hududlarning 3 tasida aholi orasida koronavirus aniqlandi. Bir kun ichida aholi orasida aniqlangan holatlar soni 142 tani tashkil etdi. Bu 7-iyundan keyingi eng katta ko‘rsatkich. 7-iyunda aniqlangan yangi kasallanish holatlarining 237 tasidan 217 tasi aholi orasida qayd etilgandi. Iyul oyining o‘zida aholi orasida aniqlangan kasallanish holatlari ikkinchi marta 100 nafardan oshmoqda. 2-iyul kuni 113 kishida kasallik aniqlangandi. Iyul oyining ortda qolgan 4 kunida aholi orasida jami 350 ta kasallanish holati kuzatildi. Iyun oyida aholi orasida kasallanganlar 350 nafarga yetishi uchun 8 kun kerak bo‘lgandi.

Toshkent shahrida bir kun ichida 159 ta yangi holat qayd etildi. Bu kun davomida butun mamlakatda qayd etilgan holatlarning yarmidan biroz ko‘proq degani. Ulardan 105 tasi aholi orasida, 54 tasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida aniqlandi. Poytaxtda 2-iyul kuni ham yangi holatlar 100 nafardan oshgandi (aholi orasida 67, karantindagilar orasida 48, jami 115). Ammo Toshkent shahridagi eng ko‘p kasallik aniqlangan kun 7-iyun kuniga to‘g‘ri keladi. O‘shanda poytaxtda 195 ta yangi holat qayd etilgandi, kasallanganlarning 183 nafari bitta kompaniya ishchilari edi. Toshkentda 4-iyundan buyon uzluksiz ravishda aholi orasida kasallik aniqlanadi.

Toshkent viloyatida Yuqori Chirchiqdagi “O‘rtasaroy” karantin markazida 86 kishida koronavirus aniqlandi. Shuningdek, viloyatda koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida 15 ta, aholi orasida 36 ta holat qayd etildi. Viloyat aholi orasida eng ko‘p kasallik aniqlanadigan hududlardan biri hisoblanadi. Toshkent viloyatida 17-iyundan 4-iyulgacha faqat 29-iyun va 1-iyul kuni aholi orasida kasallik qayd etilmagan. Lekin Toshkent viloyatida aholi orasida bir kun ichida buncha ko‘p odamda koronavirus aniqlanmayotgandi. Bungacha 18-iyunda aholi orasida 14 ta holat qayd etilishi viloyat uchun eng katta ko‘rsatkich bo‘lib turgandi. 26-iyundan 3-iyulgacha Toshkent viloyatida aholi orasida qayd etilgan holatlarning o‘zi 35 tani tashkil etadi.

Sirdaryo viloyatida qayd etilgan 8 ta holatning barchasi xalqaro yuk mashinasi haydovchilari orasida aniqlandi. Sirdaryo viloyati Toshkent viloyatidan so‘ng xalqaro yuk tashuvchi mashina haydovchilari tez-tez kasallik aniqlanib turadigan hudud hisoblanadi. Viloyatda 1-iyul kuni ham 8 nafar haydovchida koronavirus aniqlangandi.

Navoiy viloyatida aniqlangan 6 ta holatning barchasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida qayd etildi. Navoiyda 11-iyun kuni aholi orasida 18 ta kasallanish holati qayd etilganidan so‘ng viloyatda aniqlanayotgan yangi holatlar koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida qayd etilmoqda. 15-iyunda 5, 18-iyunda 6, 19-iyunda 4, 24-iyunda 5 va 27-iyunda 3 va 2-iyul kuni 6 kishida kasallik aniqlangandi.

Buxoro viloyatida qayd etilgan 1 ta holat aholi orasida aniqlandi. Viloyatda 1-iyul kuni ham aholi orasida 5 ta holat aniqlangandi. Umuman olganda, Buxoro aholi orasida tez-tez kasallanish holatlari kuzatilib turadigan hududlardan biridir. Viloyatda iyun oyida 11 kunda aholi orasida koronavirus aniqlangandi.

Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan yagona holat karantindagilar orasida aniqlandi5-iyunda viloyatga koronavirus qaytganidan so‘ng, asosan karantindagilar orasida kasallik qayd etilmoqda. 5-iyundan 4-iyulgacha Qashqadaryoda qayd etilgan 196 ta holatdan 185 tasi karantindagilar orasida, 11 tasi aholi orasida aniqlangan. Viloyatda oxirgi marta 23-iyun kuni aholi orasida kasallanish holati qayd etilgandi.

Kasallikdan davolanish

4-iyul kuni Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida avvaliga 55 nafar, so‘ngra yana 119 nafar bemor tuzalib, jami 174 nafar fuqaro sog‘aydi. Oxirgi marta 20-iyun kuni ham koronavirusdan sog‘aygan bemorlar faqat Toshkentdagi tibbiyot muassasalarida tuzalib chiqqandi. Ammo o‘sha kuni bugungidan 10 baravar kam bemor tuzalgan — 17 nafar. Hozirda Toshkentda koronavirusdan tuzalgan bemorlar soni 4000 nafardan oshdi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 9708 nafar bemordan 6425 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 66 foizni tashkil etmoqda. Bu boradagi ko‘rsatkich 29-iyundan buyon o‘zgarmayapti.

17-iyun kuni shifoxonalardagi bemorlar soni birinchi marta 1500 nafardan oshgandi23-iyunda ularning soni 2000 nafardan, 28-iyunda 2500 nafardan, 2-iyulga kelib esa shifoxonadagi bemorlar soni 3000 nafardan oshdi. Ayni vaqtda shifoxonalardagi 3252 nafar bemordan 2800 nafari Toshkentdagi tibbiyot muassasalarida davolanmoqda (Sirdaryo viloyatidagi bemorlar ham Toshkent shahriga o‘tkazilgan). Qolgan 452 nafar bemor mamlakatning 10 hududidagi shifoxonalarda davolanmoqda.

Qoraqalpog‘istonda 9, Namanganda 15, Xorazmda 23, Andijonda 33, Buxoroda 34, Jizzaxda 38, Navoiyda 43, Samarqandda 74, Qashqadaryoda 82 va Surxondaryoda 101 nafar bemor qoldi. Farg‘ona viloyati koronavirusdan xoli yagona hudud bo‘lib turibdi.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

Sog‘liqni saqlash vazirligi 4-iyul kuni ikki bemorning koronavirusdan vafot etgani haqida xabar berdi.

Birinchi o‘lim. 1-iyul kuni toshkentlik 65 yoshli erkak V.M. o‘ta og‘ir ahvolda Ibn Sino nomidagi 1-son shahar klinik shifoxonasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilib, sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan.

Unga gipertoniya kasalligi, ateroskleroz, bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi (insult)ning ikkinchi bor qaytalanishi (birinchi holat 2020-yil iyun oyida yuz bergan), gemorragik insult tashxisi qo‘yilgan.

3-iyul kuni shifokorlar tomonidan standart asosida ko‘rsatilgan tezkor reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi, o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligidan vafot etgan. 65 yoshli V.M. koronavirusdan vafot etgan Toshkentdagi 17, O‘zbekistondagi 30-bemor bo‘ldi.

Ikkinchi o‘lim. G‘ijduvon tumanida yashovchi 35 yoshli ayol D.Sh. 1-iyul kuni koronavirus infeksiyasiga gumon qilinib, Buxoro viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Unga ikki tomonlama pnevmoniya, o‘tkir nafas yetishmovchiligi 3-daraja, semizlik 2-daraja tashxisi qo‘yilgan.

“Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan tezkor reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligidan vafot etdi”, — deyiladi SSV xabarida.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bemor ayol qaysi kuni vafot etganiga aniqlik kiritmagan. Ammo “Daryo”ga ma’lum bo‘lishicha, bemor 3-iyul kuni hayotdan ko‘z yumgan. 35 yoshli D.Sh, koronavirusdan vafot etgan Buxorodagi ikkinchi, O‘zbekistondagi 31-bemorga aylandi.

35 yoshli D.Sh.  ismli ayol O‘zbekistonda koronavirusning eng yosh qurboni bo‘lishi mumkin. SSV koronavirusdan vafot etgan 31 kishidan 6 nafarining yoshiga aniqlik kiritmagan. Yoshi keltirilgan bemorlar ichida eng yoshi esa buxorolik ayol bo‘lib turibdi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 3252 nafar bemordan 15 nafari og‘ir, 9 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Bir sutka avval ahvoli og‘ir bemorlar soni 16, ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar soni 8 nafarni tashkil etayotgandi.

Karantindagilar

Hozirda O‘zbekistonda uy karantinida 42 659 nafar, statsionar karantinda esa 24 301 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi. Bir kun ichida uy karantinidagi fuqarolar soni 733 nafarga, statsionar karantindagi fuqarolar soni 1863 nafarga ko‘paydi. Uy karantinidagi fuqarolar soni iyun oyida ham biron marta 41 mingga chiqmagandi. Iyul oyida uy karantinidagilar soni bu qadar ko‘payishiga oyning 4 kuni ichida aholi orasida 350 ta holat aniqlangani sabab bo‘lishi mumkin.