Moskvadagi Sechenov nomidagi tibbiyot universitetida COVID-19 vaksinasi sinovida ishtirok etayotgan ko‘ngillilar o‘zini yaxshi his qilmoqda. “RIA Novosti”ning xabar berishicha, bu haqda universitetning Dori vositalarini klinik o‘rganish markazi rahbari Yelena Smolyarchuk ma’lum qildi.

Foto: AP Photo

Sechenov universitetida vaksinaning klinik sinovlari 18-iyunda boshlangan. Smolyarchukning aytishicha, ko‘ngillilarning birinchi guruhi vaksinani 3 hafta oldin, ikkinchi guruhi esa ikki haftadan avvalroq olgan.

Shifokorning ta’kidlashicha, preparat yuborilganidan keyin ko‘ngillilarda boshqa vaksinalarnikidan farq qilmaydigan ozgina reaksiya kuzatilgan. Emlangan joyda qizarish hosil bo‘lgan, ayrimlarida bosh og‘rig‘i, tana haroratining ko‘tarilishi bo‘g‘imlarda og‘riq, tomoq qichishi kuzatilgan.

Ammo bu reaksiyalar minimal darajada namoyon bo‘lgan, shu sababli shifokorlar aralashuvi talab etilmagan. Barcha reaksiyalar sutka davomida o‘tib ketgan.

“Ayni paytda ko‘ngillilar o‘zini yaxshi his qilmoqda, hech qanday shikoyatlar yo‘q, barcha hayotiy funksiyalar normal holatda”, — deb ta’kidlagan Smolyarchuk. Ko‘ngillilar o‘zini yaxshi his qilishda davom etsa, ularga 15 va 20-iyul kunlari javob beriladi.

Yelena Smolyarchukning bildirishicha, ushbu vaksina xavfsiz va samarador deb topilsa, undan nafaqat Rossiyada, balki boshqa davlatlarda ham foydalanish mumkin.