Navoiy viloyatida koronavirusdan dastlabki o‘lim holati rasman qayd etildi. Bu haqda Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Navoiy shahrida yashovchi 38 yoshli X.Sh. ismli erkak 2-iyul COVID-19 infeksiyasiga namuna topshirgan va unda kasallik tasdiqlangan. Bemor shu kunning o‘zida Navoiy viloyat bolalar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasi og‘ir kechishi tashxisi qo‘yilgan. Kasallik ikki tomonlama zotiljam, nafas yetishmovchiligining 1—2-darajasi asorati bilan kechgan.

Bundan tashqari bemorda gipertoniyaning 3-darajasi, arterial gipertenziya 2, xavf — III, semizlikning 1-darajasi kabi hamroh kasalliklari bo‘lgan. Shuningdek, bemor 2019-yildan buyon gipertoniya kasalligi bilan nazoratda turgan.

“6-iyul kuni bemorning ahvoli o‘ta og‘irlashgan hamda mutaxassislar tomonidan konsultatsiya qilinib, davolash jarayoni tegishli mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. Ammo shunga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashgan. Reanimatsiya bo‘limi mutaxassislari tomonidan to‘liq hajmda, standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion choralar samara bermagan hamda biologik o‘lim qayd etilgan. O‘lim sababi — o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligi, o‘tkir bosh miya va o‘pka shishi”, — deyiladi hokimlik axborot xizmati xabarida.

Xabarda bemorning aynan qaysi kuni vafot etgani aytilmagan. Biroq Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunovning 6-iyul kuni viloyat aholisiga qilgan murojaatida Navoiyda koronavirusdan ilk o‘lim holati qayd etilganini ma’lum qilgandi.

“Eng ayanchlisi shundaki, kuni kecha viloyatimizda olib borilayotgan davolash profilaktika tadbirlari, tibbiyot xodimlarining sa’y-harakatlariga qaramay, ilk bor o‘lim holati qayd etildi”, — degandi Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov.

Hokim murojaatida o‘lim holati aynan qachon yuz bergani, bemorning yoshi va jinsiga doir ma’lumotlarni oshkor qilinmagandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarga ko‘ra, vafot etgan bemor “Sanoat qurilish bank”ning Navoiy viloyati filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari Xurshid Shabonovdir.

Foto: Telegram

38 yoshli navoiylik erkak O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etgan 40-bemor bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi hozircha Navoiyda yuz bergan ilk o‘lim holati haqida xabar bermadi. So‘nggi vaqtlarda SSV bemorlar o‘limi haqidagi xabarni 1-2 kun kechikib bermoqda. Denovda yuz bergan o‘lim holati haqidagi xabarni esa 5 kundan keyin bergan. Ammo Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida yashovchi fuqaroning koronavirusdan vafot etgani haqidagi xabarni tuman hokimligi ma’lum qilgan bo‘lsa-da, SSV bu xabarni na tasdiqlagan va na izohlagan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus asoratlaridan 39 kishi vafot etganini ma’lum qilgan.