O‘zbekistonda 5-iyul soat 23:30 dan 6-iyul soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 342 ta holat aniqlandi. Bu yangi rekord hisoblanadi. Bungacha 3-iyulda 318 kishida kasallik qayd etilishi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib turgandi. 3-iyuldan beri O‘zbekistonda koronavirus yuqtirib olganlar soni muntazam ravishda 300 nafardan oshmoqda. Yangi kasallanish holatlaridan so‘ng O‘zbekistonda kasallanganlarning umumiy soni 10 362 nafarga yetdi.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning

  • 204 nafari karantin muassasalarida;
  • 116 nafari aholi orasida (Toshkent shahrida — 101 nafar, Namangan viloyatida — 10 nafar, Farg‘ona viloyatida — 3 nafar, Andijon viloyatida — 2 nafar);
  • 22 nafari esa xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari orasida (Toshkent viloyatida — 20 nafar, Namangan viloyatida — 2 nafar) aniqlangan.

Kun davomida yangi kasallanish holatlari Toshkent shahri va viloyati hamda vodiyning uch viloyatida qayd etildi. Aholi orasida 116 ta yangi kasallanish holati kuzatildi. Iyul oyining o‘zida aholi orasidagi kasallanish holatlari 4 kun 100 nafardan oshdi. 6 kun ichida aholi orasida 587 ta yangi holat aniqlandi. Iyun oyida bu ko‘rsatkichga yetish uchun 18 kun kerak bo‘lgandi. Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus hali cho‘qqisiga chiqqani yo‘q.

6-iyulning e’tiborga molik jihatlaridan biri Farg‘ona viloyatiga koronavirus qaytdi. Aholi orasida 3 kishida kasallik aniqlandi. Viloyatda ikki oy yangi kasallanish holati qayd etilmagandi. Bugungacha oxirgi kasallanish holati 5-mayda qayd etilgan, 14-mayda esa shifoxonani koronavirusga chalingan oxirgi bemor tark etib, Farg‘ona koronavirusdan xoli hududga aylangandi. 25-iyun kuni Jizzaxga koronavirus qaytganidan so‘ng Farg‘ona viloyati koronavirusdan xoli yagona hudud edi. O‘zbekistondagi tuman va shaharlarning 4-iyul holatiga ko‘ra, epidemiologik toifalari ro‘yxatida Farg‘ona “yashil” hudud deb topilgandi. Farg‘ona viloyati hokimligining ma’lum qilishicha, qo‘shni viloyatda xizmat safarida bo‘lib qaytgan fuqaroda kasallik aniqlangan. Surxondaryoga ham koronavirus qaytishi Toshkentdan xizmat safaridan qaytgan xodim tufayli yuz bergandi.

Toshkent shahrida 147 ta yangi holat qayd etildi. Ushbu holatlarning 46 tasi karantindagilar orasida, 101 tasi aholi orasida aniqlandi. Iyul oyining o‘zida poytaxtda ikkinchi marta aholi orasida kasallanish holati 100 nafardan oshmoqda. 4-iyul kuni Toshkentda aholi orasida 105 kishida kasallik aniqlangandi. Toshkent shahrida oxirgi marta 3-iyun kuni aholi orasida kasallanish holati qayd etilmagan.

Andijon viloyatida bir kun ichida 80 kishida koronavirus aniqlandi, ulardan 78 nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida, 2 nafari aholi orasida qayd etildi. Bir kunda kasallar soni 80 nafarga oshishi Andijon uchun rekord hisoblanadi. Viloyatda butun may oyida 20 kishida, iyun oyida 32 kishida kasallik aniqlangandi. Iyul oyida esa kasallar soni 85 nafarga ko‘paydi. Andijonda 3-iyul kuni qayd etilgan 5 ta holatning barchasi aholi orasida aniqlangandi.

Toshkent viloyatida karantin markazlarida 76 kishida kasallik aniqlandi. Ularning bari xorijdan kelgach, Toshkent viloyatidagi karantin markazlariga joylashtirilgandi. Shuningdek, viloyatda xalqaro yuk tashuvchi mashina haydovchilari orasida 20 ta holat qayd etildi. Bir kunda 20 nafar haydovchida kasallik aniqlanishi Toshkent viloyati uchun rekord emas, 27-iyun kuni viloyatda 32 nafar xalqaro yuk mashinasi haydovchisida kasallik qayd etilgandi. Toshkent viloyatida oxirgi uch kun ichida xalqaro yuk mashinasi haydovchilari orasida yangi holatlar aniqlanmayotgandi.

Namangan viloyatida qayd etilgan 16 holatning 10 tasi aholi orasida, 4 tasi karantindagilar orasida va 2 tasi xalqaro yuk mashinasi haydovchilari orasida aniqlandi. Bir kun ichida 16 ta yangi holat aniqlanishi Namanganda may va iyun oylarida ham kuzatilmagandi. Viloyatda shuningdek, may va iyun oylarida ham bir kunda aholi orasida 10 kishida kasallik qayd etilmagandi. 6-iyun va 2-iyul kunlari aholi orasida 6 tadan yangi holat qayd etilishi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib turgandi.

Kasallikdan davolanish

6-iyul davomida 106 nafar fuqaro sog‘aydi. Ulardan 62 nafari Toshkent shahrida, 22 nafari Jizzax viloyatida, 8 nafari Qoraqalpog‘istonda, 7 nafardan Namangan va Surxondaryo viloyatlaridagi tibbiyot muassasalarida shifo topdi. Oxirgi ikki kunda koronavirus bemorlari faqat Toshkentda tuzalib chiqayotgandi.

Jizzaxga koronavirus qaytgan 25-iyun kuni kasalligi aniqlangan 2 bemor oy oxirigacha hayotdan ko‘z yumgandi. 29-iyun kuni 5, 2-iyul kuni 33 kishida kasallik qayd etilgandi. Ularning ba’zilari kasalligi tasdiqlanganidan 4 kun o‘tib tuzalishga erishdi. Viloyatda bundan oldin 27-aprel kuni koronavirusdan tuzalganlar shifoxonadan chiqqandi.

Surxondaryo va Qoraqalpog‘istonda 30-iyundan beri birinchi marta bemorlar shifoxonalardan kuzatildi. Qoraqalpog‘istondagi shifoxonalarda hozir faqat 1 nafar bemor qoldi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 10 362 nafar bemordan 6690 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 64 foizni tashkil etmoqda. Ikki kundan buyon bu boradagi ko‘rsatkichlar 1 foizdan tushib bormoqda. Ayni paytda davolanish ko‘rsatkichi may oyining boshidan beri eng past ko‘rsatkichga tushib qoldi.

17-iyun kuni shifoxonalardagi bemorlar soni birinchi marta 1500 nafardan oshgandi28-iyunda 2500 nafardan oshdi, 6-iyulga kelib esa shifoxonadagi bemorlar soni 3500 nafardan oshdi. Ayni vaqtda shifoxonalardagi 3635 nafar bemordan 3109 nafari Toshkentda davolanmoqda.

Qoraqalpog‘istonda 1, Farg‘onada 3, Jizzaxda 16, Xorazmda 23, Namanganda 24, Buxoroda 34, Navoiyda 43, Qashqadaryoda 82, Samarqandda 93, Surxondaryoda 94 va Andijonda 113 nafar bemor qoldi.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV 6-iyul kuni Toshkentda uch nafar bemorning koronavirusdan vafot etganini ma’lum qildi. Ulardan ikki nafari erkaklar va bir nafari ayoldir.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahrida 67 yoshli L.M. ismli erkak 26-iyundan tomog‘ida og‘riq bo‘lishiga, tana harorati ko‘tarilganiga qaramay shifokorga murojaat qilmasdan uyida davolangan. 1-iyul kuni esa yo‘tali kuchayib, nafas siqishi belgilari paydo bo‘lgach, tez yordam chaqirgan va tez tibbiy yordam mashinasida Toshkent shahar 2-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borilgan.

Shu kuni undan COVID-19 infeksiyasiga tahlil olinib, zudlik bilan reanimatsion muolajalar boshlangan. Bemorga o‘tkir miokard infarkti, ikki tomonlama pnevmoniya, nafas yetishmovchiligining 2-darajasi, yurak ishemik kasalligi, gipertoniya kasalligi tashxisi qo‘yilgan. Unda koronavirus infeksiyasi ham aniqlangan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan tezkor reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgan. 67 yoshli erkak koronavirusdan vafot etgan Toshkentdagi 21, O‘zbekistondagi 35-bemor bo‘ldi.

Ikkinchi o‘lim. Uchtepa tumanida yashovchi 43 yoshli A. ismli erkak bir necha kun davomida tana haroratining ko‘tarilishi, tomog‘ida og‘riq va holsizlik bo‘lishiga qaramasdan shifokorlarga o‘z vaqtida murojaat qilmasdan, uy sharoitida davolanib yurgan.

2-iyul kuni Respublika ixtisoslashtirilgan Ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida tibbiy ko‘rikdan o‘tgan va tekshiruv natijasiga ko‘ra, pulmonolog tavsiyasiga asosan, Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasiga yuborilgan. Bemorga ikki tomonlama pnevmoniya, o‘tkir nafas yetishmovchiligining 2-darajasi, semizlikning 3-darajasi tashxisi qo‘yilgan. Unda koronavirus infeksiyasi ham aniqlangan.

Shifokorlarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. 43 yoshli erkak koronavirusdan vafot etgan Toshkentdagi 22, O‘zbekistondagi 36-bemor bo‘ldi.

Uchinchi o‘lim. Chilonzor tumanida yashovchi 86 yoshli Z.R. ismli ayol 19-iyun kuni qon bosimi yuqoriligi, nutqi o‘zgarishi, qo‘l va oyoqlardagi kuchsizlik sabab Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan. 27-iyun kuni ahvoli og‘irlashganligi sababli ushbu markazning reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan.

Unga insult, bosh miya shishi, gipertoniya kasalligi, yurak ishemik kasalligi, o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi, o‘tkir yurak va nafas yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan. Koronavirusga chalingan ushbu bemor 20 yildan ortiq vaqt mobaynida gipertoniya kasalligi bilan og‘rib kelgan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor miya shishi, o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi. 86 yoshli ayol O‘zbekistonda koronavirusning eng keksa qurboni bo‘ldi. Bungacha Toshkentda ikki nafar 77 yoshli ayol koronavirus asoratlaridan vafot etgandi (SSV 5 nafar qurbonning yoshiga aniqlik kiritmagan). 86 yoshli ayol, shuningdek, koronavirusdan vafot etgan Toshkentdagi 23, O‘zbekistondagi 37-bemor bo‘ldi.

SSV xabarida bemorlarning qaysi kuni olamdan o‘tganiga aniqlik kiritilmagan. So‘nggi vaqtlarda SSV bemorlar vafot etgan kuniyoq bu haqda ma’lumot bermasdan, 1-2 kundan so‘ng xabar bermoqda. Misol uchun, 27-bemorning o‘limi 2 kundan so‘ng282930 va 31-bemorlarning o‘limi bir kundan keyin e’lon qilindi. Uzoq tanaffusdan so‘ng Sog‘liqni saqlash vazirligi 28-bemordan boshlab kasallikdan vafot etganlar qaysi kuni olamdan o‘tganini e’lon qilishni boshladi, biroq 31-bemordan boshlab bu ishini yana to‘xtatdi.

Ketma-ket ikkinchi kun uch nafardan bemor vafot etayotgani xabar qilinmoqda (ularning bari Toshkent shahrida yashagan). Iyul oyining ortda qolgan 6 kunida SSV 11 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini ma’lum qildi (o‘lim holatlaridan bittasi aslida iyun oxirida kuzatilgan). Iyun oyida 11 ta o‘lim holati qayd etilgan. Qolgan oylarda esa bu ko‘rsatkich 7 tadan oshmagandi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 3635 nafar bemordan 25 nafari og‘ir, 13 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Karantindagilar

SSV karantindagilar soni haqida 6-iyul kuni ma’lumot bermadi (25-iyun kuni ham bu ma’lumot berilmagandi). Oxirgi berilgan 5-iyuldagi ma’lumot bo‘yicha, O‘zbekistonda uy karantinida 42 895 nafar, statsionar karantinda esa 25 021 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turgandi.