Buxoro viloyatida qurolni saqlash va uni olib yurish qoidalarini buzgan 69 nafar fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortildi. Viloyat IIB axborot xizmatining “Daryo”ga ma’lum qilinishicha, mazkur holatlar viloyat hududida o‘tkazilgan “Qurol” maxsus profilaktik tadbiri paytida aniqlangan.

Foto: Buxoro viloyat IIB

Ta’kidlanishicha, tadbirga 751 nafar ichki ishlar xodimi va 15 nafar ovchilik jamiyati ishchi-xizmatchisi jalb qilingan. Viloyatda ov quroliga ega 1725 nafar fuqaroning qurol va o‘q-dorilarni saqlash hamda ulardan foydalanish qoidalariga rioya qilishi o‘rganilgan.

Foto: Buxoro viloyat IIB

“Tadbir jarayonida 69 nafar ov quroliga ega fuqaro qurolni saqlash va uni olib yurish qoidalarini buzganligi aniqlandi. Ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 221-moddasi (O‘qotar qurollarni ro‘yxatdan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish, muddatlarini yoki ularni hisobdan o‘tkazdirib qo‘yish qoidalarini buzish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi”, — dedi viloyat IIB xodimi, mayor Quvvat Yarashov.

Foto: Buxoro viloyat IIB

Shuningdek, qurolga egalik qilishga to‘sqinlik qiluvchi xulq-atvor, turmush tarzi va boshqa salbiy jihatlarga ega to‘rt nafar fuqaroning ov quroli vaqtinchalik hujjatlashtirib olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda “Qurol” maxsus tadbirida 68 nafar fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortilgani haqida xabar berilgandi.