Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida kollejda o‘qiganlik to‘g‘risida soxta diplom tayyorlab bergan maktab o‘qituvchilari qo‘lga olindi. Bu haqda “Daryo”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Oltiariq tumanidagi maktab o‘qituvchilari Z.Z., M.Y. va R.Yu.lar oldindan til biriktirib, fuqaro M.ning ishonchiga kirib, unga tikuvchilik yo‘nalishi bo‘yicha Oltiariq tuman agrosanoat kollejini tamomlaganligi haqidagi soxta diplomni tayyorlab berish evaziga 500 dollar talab qilgan.

Pulni olayotgan vaqtida Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Oltiariq tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Shuningdek, tadbir jarayonida fuqaro M.Y.ning yonida 2 ta to‘ldirilmagan diplomlar mavjudligi aniqlanib ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan, Z.Z., R.Yu. va M.Y.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.