Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Habibulla Oqilov koronavirus infeksiyasi qayd etilgan mamlakatlardan jo‘natmalar olib turish xavfsiz ekanligini ma’lum qildi.

Mutaxassis Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti savdo-sotiq va tovarlarning boshqa mamlakatlardan keltirilishi borasida hech qanday cheklov tavsiya etmagani sababli jo‘natmalar orqali virus yuqtirish xavfi yo‘qligini bildirgan. Pochta jo‘natmalari doimiy tartibda ishlamoqda.

Virus yuza qismlarda 3 kundan bir necha kungacha saqlanishi, muddatlar yuza turi, harorati va atrof-muhit namligi kabi bir qancha shartlarga borib taqalishi ta’kidlandi. Shu sababli ham yuzalar, eshik tutqichlari, texnika va ayniqsa, mobil telefonlarni dezinfeksiya qilish muhim sanalishi, virusni tarkibida xlor yoki spirt mavjud bo‘lgan dezinfeksiya vositalari bilan ketkazish mumkinligi yana bir bor yodga solib o‘tildi.

Eslatib o‘tamiz, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, to‘lovlarni amalga oshirishda naqd pullardan foydalanish virus tarqalishiga olib keluvchi kanallardan biri bo‘lishi mumkinligi, virus qog‘oz shaklidagi tashuvchilarda 3-4 kun yashashi ma’lum qilingan edi.