Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganini ma’lum qildi. U o‘zining Telegram’dagi kanali orqali kasallikdan qanday davolanganini aytib berdi.

Kadr: UzReport

Bundan bir necha kun oldin menda harorat ko‘tarilishi va holsizlik sezildi. Haroratimni o‘lchab ko‘rsam — 37,1 va 37,2 daraja. Juda ham holsizlanib, butun mushaklarim, suyaklarim, badanimda turli og‘irlar paydo bo‘ldi. Keyin test topshirib ko‘rsam, menda koronavirus infeksiyasi borligi aniqlandi. Shudan so‘ng shifokorlarga murojaat qildim. Shifokorlarning tavsiyasi bilan o‘pkamni MRT qilishdi, umumiy qon tahlilini topshirdim. Va ularning tashxisiga asosan, menda yengil shaklli koronavirus kechayotgani ma’lum bo‘ldi.

Men o‘z uyimda, oila a’zolarimdan alohida bo‘lgan sharoitda ushbu kasallikni boshimdan o‘tkazdim. Shifokorlarning tavsiyasiga asosan, har ikki soatda haroratimni o‘lchab turdim. Haroratim birinchi kuni 37 darajadan 39 darajaga qadar ko‘tarildi. Juda ham ko‘p — kuniga 5-6 litr suv ichdim. Tana haroratim 37 yoki 38 daraja bo‘lganiga hech qanday dori iste’mol qilmadim, faqatgina 39 darajaga ko‘tarilganida dori ichdim.

Dastlabki ikki kun kechasi uxlaganimda etlarim uvishib, qaltirab chiqdim va sekin-sekin shifokorlarning tavsiyasi asosida belgilangan tartibda tomog‘im va burnimni maxsus suyuqlikda yuvib-chayib turdim. Kuniga uch marta tarkibida vitamin C bo‘lgan dorilarni ichdim. Asosan, shamollashda, gripp paytida bo‘ladigan muoalajalarni qo‘llash tavsiya qilindi. Lekin bu hammada individual tarzda kechadi.

Bu videomurojaatni tayyorlashimdan asosiy maqsad — juda ko‘pchilik shamolladim deb o‘ylab, koronavirusga chalinganini bilmay qolyapti, men ana shunday hamyurtlarimizga vahimaga tushmaslikni va albatta, shifokor ko‘rigidan o‘tishni tavsiya qilaman…

Shifokorlarning aytishicha, 7—8-kunlar eng xavfli kunlar hisoblanar ekan. Menda uch kundan keyin harorat chiqishi to‘xtadi, biroq qisqa yo‘tal paydo bo‘ldi. Shifokorlar shundan keyin menga antibiotik yozib berdi.

Shifokor maslahatisiz, tahlillar topshirmasdan turib, dorilarni ichmaslikni maslahat beraman. Shifokorlar tomonidan tavsiya qilingan dorilarni ham ming marta o‘ylab, iste’mol qilishingizni so‘rayman.

Eng asosiysi, uyda o‘tirsa ham, uy shroitida ham davolansa bo‘lar ekan. Yengil shakldagi koronavirus shamollashga o‘xshaydi. Agarda menda koronavirus infeksiyasi bo‘lmaganda shu holatga tushsam, shamolladim deb o‘ylagan bo‘lardim. Eng asosiysi shuki, shamolladim deb o‘ylab, shamollashga qarshi barcha muoalajalarni, kerak-kerakmas kapelnitsalarni olib, o‘zingizga zarar keltirib qo‘ymang. Shifokor bilan maslahatlashish kerak...

Hozirda mening ahvolim yaxshi, hid va ta’m bilish sezgilarim qaytgan. O‘zimni sog‘lom paytda qanday bo‘lsa, shunday his qilmoqdaman.

Internetda koronavirusga deb turli dorilarni tavsiya qilishyapti. Men bularga amal qilmagan bo‘lardim. Shamollashga qarshi arzimagan vositalar bilan davolanish mumkin bo‘lgan joyda, o‘zingizni o‘zingiz turli boshqa kasalliklarga ham chalintirib qo‘yishingiz mumkin.

O‘zingizni va yaqinlaringizni asrang, hech qachon tushkunlikka tushmang. Bu kasallikning baribir davosi bor.

Komil Allamjonov, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi 

Komiljon Allamjonov O‘zbekiston san’at va madaniyat instituti (2006-yil) va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (2010) bitiruvchisi. 2005—2013-yillarda Davlat soliq qo‘mitasi axborot xizmatiga rahbarlik qilgan, 2009—2013-yillarda qo‘mita matbuot kotibi ham bo‘lgan. U Avtotest avtomaktabi, “Soliq-info” gazetasi, buxgalterlik faoliyatini avtomatlashtirish bo‘yicha “BEM” dasturi va boshqa loyihalar asoschisi hisoblanadi. 2017—2018-yillar davomida O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari o‘rinbosari, Prezident matbuot kotibi, 2018—2020-yillarda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori vazifasi faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 11-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 12 206 nafarga yetdi. Ayni paytda O‘zbekistonda 7530 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqaro sog‘aygan. Epidemiya boshlanganidan beri kasallik oqibatida vafot etgan bemorlar soni esa 55 nafarga yetgan.