“Daryo” jahon matbuoti sharhi ruknining navbatdagi muhokamalarga boy sonini diqqatingizga havola etadi.

Koronavirus tarqalgan hududlarda qancha amerikalik istiqomat qilmoqda?

AQShning bosh epidemiologi Entoni Fauchi seshanba kuni AQSh hamon koronavirus muammosining birinchi to‘lqinidan xalos bo‘la olmagani haqida bayonot berdi, deb yozadi TheWashington Post nashri. Allergiya va yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish instituti rahbarining ma’lum qilishicha, mamlakat COVID-19 bilan bog‘liq muammoning birinchi to‘lqinini oradan ancha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da ijobiy tarafga o‘zgartira olgani yo‘q.

Foto: Google Photos

Mamlakat rahbari virusga qarshi kurashish borasida balandparvoz gaplarni aytayotgan bo‘lsa-da, Fauchi rahbarligi ostidagi ekspertlar dushanba kuni qaysi hududda koronavirus eng ko‘p tarqalgani borasida tahlil o‘tkazdi. Tahlil xulosalarida esa mamlakat aholisining beshdan bir qismi koronavirus avjiga chiqqan hududlarda istiqomat qilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Dushanba kunining o‘zida mamlakat tumanlarining 18 foizida kasallanish bilan bog‘liq holat o‘zining yuqori nuqtasiga chiqqan va tumanlarning 38 foizida kasallanish bilan bog‘liq holatlar iyun oyida eng avj pallasiga chiqqani ma’lum qilingan. Mazkur diagramma koronavirusning hududlar taqsimotidagi aholi orasida kasallanish bilan bog‘liq vaziyatni namoyish qiladi. Jadvaldan aniqki, koronavirus asosan mamlakatning shimoli-sharqida, xususan, Nyu-Yorkda aprel oyida eng keng tarqalganini isbotlamoqda. Koronavirus esa aholi eng ko‘p istiqomat qiladigan hududlarda keng tarqalmoqda.

Dushanba kuni koronavirus keng tarqalayotgan hududlarda 71,5 million aholi istiqomat qilishi ochiqlandi. Nyu-York shahri esa aprel oyi o‘rtalarida koronavirus eng keng tarqalgan hudud sifatida ko‘rsatiladi. Bu shaharda aprelning 15-sanasiga kelib koronavirus bilan kasallanganlar soni 5426 nafarni tashkil qilgan.

Tennessi shtatidagi Trusdeyl okrugida koronavirus bilan bog‘liq vaziyat o‘zining cho‘qqisiga chiqadi va shu oyda hududda har yuz ming aholiga virus bilan kasallanganlar 1943 nafarni tashkil qiladi. Mazkur hududning aholisi 10 mingdan kamroqligi e’tiborga olinsa, har kuni 186 nafar shaxs virusga chalingani ma’lum bo‘ladi.

Foto: Google Photos

Boshqacha qilib aytganda, koronavirus pandemiyasi aprel oyining o‘rtalarida Nyu-Yorkda nihoyatda keng yoyilgan. Natijada qurbonlar soni ham oshib ketgan. May va iyun oylarida o‘rta g‘arb va janubiy mintaqalarda koronavirus qamoqxonalar va go‘sht qadoqlovchi korxonalarda avj olib ketadi.

Bosh epidemiolog Fauchining bildirishicha, AQSh hamon koronavirusning yuqori cho‘qqisiga chiqqani yo‘q. Koronavirusning ikkinchi to‘lqini qachon boshlanishi ham dargumon. Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, 8-iyul sanasiga ko‘ra, mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq holat 3 035 231 tani tashkil qilmoqda, vafot etganlar esa 132 041 nafarga yetgan.

Hindiston va Rossiya do‘stona munosabatlarining sababi nimada?

The Foreign Policy nashrida maqola e’lon qilgan Emili Tamkin nazarida Hindiston va Rossiya o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar bugungi kunda o‘tgan asrning 70-yillaridagi kabi emas. Shunga qaramasdan Hindiston ham, Rossiya ham Xitoyning “kichik ukasi” bo‘lishni istamaydi. Shu sababdan Hindiston va Rossiya iqtisodiy aloqalar hamon “mustahkam” ekanini ko‘rsatishiga to‘g‘ri keladi.

Yaqinda Xitoy va Hindiston o‘rtasida chegara nizolari yuz bergani hisobga olinsa, rasmiy Dehli muammoni hal etish borasida Vashingtonga yuzlanishi turgan gap. Biroq rasmiy Kremlning bu vaziyatdagi ishtirokini hisobga olmaslikning ham iloji yo‘qdek.

Tarixga nazar: 1971-yilda Hindiston va Pokiston o‘rtasida 13 kunlik urush kelib chiqishi natijasida mustaqil Bangladesh Respublikasi tashkil topdi. Urush boshlangunga qadar Hindiston hukumati xalqaro jamiyatni urushni Pokistonning agressiv hukumati boshlaganiga ishontirmoqchi bo‘ldi. Sharqiy Pokistondan Hindistonga ko‘plab qochoqlarning ko‘chib o‘tishini g‘arbiy va sharqiy Pokiston bilan diplomatik aloqalar vositasida hal qilsa bo‘lar edi. Biroq g‘arb bu masalaga befarq edi.

Foto: Google Photos

Shunda Sovet Ittifoqi Hindistonning iltijolariga quloq solgan yagona kuchli qudrat sifatida siyosat maydoniga chiqdi. 1971-yilning avgust oyida Hindiston bosh vaziri Indira Gandi SSSR va Hindiston o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik haqida bitim imzolaydi. Avvalroq g‘arbdagi ittifoqchilarning Hindiston go‘yoki Sovet Ittifoqiga nisbatan ancha “muloyim” siyosat yurgizayotgani borasida ayblovlarga javob tariqasida rasmiy Dehli SSSRga nisbatan keskin siyosat tarafdori bo‘lib kelgandi. Ammo siyosiy nizolar sabab Hindiston Pokiston bilan urush yoqasiga kelib qolagani sababli Sovet Ittifoqining basharti urush chiqib qolgudek bo‘lsa, harbiy yordamni ko‘rsatishga tayyor ekani borasida taklifni oldi. G‘arb jim, Gandi oldida esa Sovet Ittifoqidan bo‘layotgan taklifni qabul qilish yagona yo‘l edi.

Bugun Hindiston va Rossiyadagi vaziyat ancha o‘zgarib ketgan bo‘lsa-da, ikki mamlakat o‘rtasida imzolangan 1971-yil bitimi hamon muhimligicha qolmoqda. Sababi Hindistonga yordam kerak bo‘lgan muhim siyosiy davrlarda g‘arblik ittifoqchilar sukut saqlaganida, Sovetlar o‘lkasi rasmiy Dehlining joniga oro kirgandi. O‘sha kezlarda AQSh prezidenti Richard Nikson va milliy xavfsizlik bo‘yicha prezident maslahatchisi Genri Kissinjer Hindistonning “iltijolariga” befarq qaragan va Pokistonni o‘zlarining muhim ittifoqchisi deya atagan hamda bu siyosati bilan Hindistonni “qochoqlaridan” mahrum qilgandi.

2020-yildagi Xitoy va Hindiston o‘rtasida kelib chiqqan chegaraviy nizolarda aynan rasmiy Kreml ikki mamlakat o‘rtasidagi nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilishda bosh-qosh bo‘ldi. Hattoki rasmiy Kreml kerak bo‘lganda Hindistonni yangi zamonaviy harbiy qurollar bilan ta’minlashga tayyor ekanini bildirdi.

Hindiston hukumati esa bir vatqda tayoqning ikki uchini ushlashga — ham AQSh, ham Rossiya bilan aloqalarni yaxshilashga tayyor. Bu esa o‘ta muammoli vaziyat. Tramp fevral oyida rasmiy Dehliga tashrif buyurgan bo‘lsa-da, mazkur tashrif yakunlari borasida Hindiston hukumatida iliq tasavvurlarni paydo qilmadi. Lekin AQSh tarafi Hindiston hamon “muhim” hamkor ekanligini ta’kidladi.

Foto: Google Photos

Diqqatga sazovor yana bir jihat shuki, 1998-yilda Hindiston navbatdagi yadro qurollari sinovini o‘tkazadi. AQSh esa rasmiy Dehlini tanqid qiladi. Kreml esa bu borada Hindiston tarafida ekanini ma’lum qiladi. Shu voqeadan hech qancha vaqt o‘tmay hokimiyat tepasiga kelgan Vladimir Putin Hindiston rahbariyatini hattoki Vashington Hindistonni yadro mamlakati sifatida ta’n olishi uchun bunday tajribalar kerakligiga ham ishontira olgandi.

Bugun Hindistonda aholi o‘rtasida o‘tkazilayotgan ijtimoiy so‘rovlarda Rossiya ishonchli hamkor ekani bot-bot o‘z tasdig‘ini topmoqda. Chunki Rossiya o‘zboshimchalik bilan Eron bosh generalini o‘ldirish uchun buyurtma qabul qilmaydi, Rossiya AQSh kabi hukumat rahbari o‘zgarganda biror-bir mamlakatga nisbatan o‘z siyosatini o‘zgartirmaydi, demak Rossiya ishonchli hamkor, AQSh esa yo‘q. Rossiyaning Qrimni bosib olishi Hindistonni xavotirga solmaydi. Rossiya o‘z va’dalarida sobit.

Seul shahri hokimi o‘limi sabablari

The New York Times nashri Seul shahri hokimi Pak Von Sunning o‘limi yuzasidan tahliliy maqola e’lon qildi. Maqolada yozilishicha, shahar hokimi qiziga sirli xat qoldirgan va juma tongida o‘lik holda topilgan. Bundan oldin esa shahar hokimining kotibasi sobiq rahbarini jinsiy tajovuzda ayblab chiqqan edi.

Shahar hokimining murdasi Seulning shimoliy qismidan topilishi Seul va janubiy koreyaliklarni larzaga keltirgan. Sababi sobiq hokim ayollar orasida ayollar huquqlarining himoyachisi sifatida tanilgan, unga nisbatan e’lon qilingan jinsiy tajovuz aybi esa bo‘lajak saylovlarda prezidentlikka da’vogar sifatida ko‘rilayotgan hokimning jamiyatdagi nufuziga salbiy ta’sir qilishi mumkin edi.

64 yoshli Pak payshanba kungi rasmiy ish kunini kasalligi bois bekor qilgan edi. Bu voqea esa kotibasi hokimga nisbatan jinsiy tajovuz haqida ayblov qilgan kunning ertasiga sodir bo‘ladi. Shu voqeadan so‘ng Pak Von Sunning qizi otasi bedarak ketgani haqida politsiyaga ma’lum qiladi. Yonhap agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Pak Von Sun uydan chiqib ketish oldidan qiziga sirli maktub qoldiradi va maktubdan tergov organlari xodimlari shahar hokimi o‘z joniga suiqasd qilgani haqida taxminlar ilgari suriladi. Bedarak ketgan shahar hokimini izlash uchun 600 ga yaqin politsiyachilar va tez tibbiy yordam xodimlari jalb qilinadi.

Foto: Agence France-Presse

Seul tergov mahkamasining katta tergovchisi Chxve Ik Su bergan ma’lumotlarga ko‘ra, hokim Pak payshanba tongida taksida chiqib ketadi va parkka yetib oladi. Politsiyaning maxsus o‘rgatilgan kuchuklari shahar hokimining ta’nasini parkning tepaliklaridan birida topib oladi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, hokimning murdasida jarohat izlari topilmagani bois uni kimdir o‘ldirganiga asos yo‘q.

Juma kuni tongda Seul milliy universiteti shifoxonasida Pak tarafdorli “Pak biz seni hurmat qilamiz” nomi ostida namoyish o‘tkazdi. 10 million aholiga ega bo‘lgan Seulda Pak uch marotaba shahar hokimligi saylovlarida g‘alaba qozongan va siyosatchilar orasida Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje Indan so‘ng prezidentlikka asosiy da’vogar sifatida e’tirof etilayotgan nomzod bo‘lgan.

Pak Von Sun Seul shahri hokimligiga kelishdan avval inson huquqlarini himoya qiluvchi nufuzli tashkilotning advokati sifatida faoliyat yuritgan. Advokatlik faoliyati davrida mamlakatda katta rezonans keltirib chiqargan jinsiy tajovuz borasidagi sud jarayonida katta g‘alabaga erishgan. Shuningdek, Pak Von Sun Ikkinchi jahon urushi paytida yapon militaristlarining koreyalik ayollardan fohisha sifatida foydalanganliklariga oid ma’lumotlarni to‘plash orqali koreyalik ayollar huquqlarini himoya qilish ishlari bilan jamoatchilik e’tiborini o‘ziga qaratgan edi.

1980-yillardagi harbiy diktatura paytida politsiya xodimining namoyishchi talaba qizga nisbatan jinsiy tajovuzga yo‘l qo‘ygani holati borasida politsiya xodimining mahkama jarayonlariga tortilishiga erishgan edi. So‘nggi paytlarda Janubiy Koreyada #metoo aksiyasi keng quloch yozdi. Natijada Janubiy Koreya sud mahkamalarida ko‘plab huquqlari buzilgan ayollarning ishlari ko‘rib chiqildi. Ayollarga nisbatan tajovuzga yo‘l qo‘ygan ko‘plab siyosatchilar, professorlar, diniy muassasa rahbarlari ishdan olindi yoki iste’fo berdi. Shu yilning aprel oyida Pusan shahri hokimi O Keo Don ham ayollarga nisbatan jinsiy tajovuz o‘tkazgani borasida ayblanib, iste’fo berishga majbur bo‘lgandi.

Foto: Agence France-Presse

Janubiy Koreya prezidenti Mun #metoo aksiyasini qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa-da, so‘nggi paytlarda uning yaqin hammaslaklari jinsiy tajovuzda aybdor deb topilayotgani prezident ma’muriyatini jiddiy xavotirga solib qo‘ydi. Sababi Pak ham, O ham Janubiy Koreya demokratik partiyasining nufuzli a’zolari sifatida tanilgan edi. Pak, shuningdek, tengsizlikning ashaddiy tanqidchisi sifatida tanilgan va hattoki 2017-yilda impichment bildirilishi ortidan prezidentlik lavozimidan ketishga majbur bo‘lgan Pak Kin Xening faol raqibi sifatida ham ko‘zga tashlangandi.

Bugunda Janubiy Koreya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotlariga a’zo mamlakatlar orasida o‘z joniga suiqasd qilish eng yuqori bo‘lgan mamlakatlardan biri sanaladi. Shu bilan birga Janubiy Koreyada el orasida sharmanda bo‘lish sababli o‘z joniga suiqasd qilish holatlari kamdan kam uchraydigan hodisa ham sanaladi.

Jahongir Ergashev tayyorladi.