O‘zbekistonda 9-iyul soat 23:30 dan 10-iyul soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 463 ta holat qayd etildi. Ketma-ket uchinchi kun kasallanganlar soni 400 nafardan oshmoqda. Yangi kasallanish holatlaridan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 12027 nafarga yetdi. Kasallanganlar soni 11 ming nafardan 12 ming nafarga yetishi uchun 2 sutka yetarli bo‘ldi.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning

  • 268 nafari karantin muassasalarida (xorijdan kelib karantinga olinganlar — 209 nafar, Namangan viloyatida — 18 nafar, Navoiy viloyatida — 17 nafar, Samarqand viloyatida — 15 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 9 nafar);
  • 195 nafari aholi orasida (Toshkent shahrida — 155 nafar, Jizzax viloyatida — 11 nafar, Surxondaryo viloyatida — 10 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 7 nafar, Namangan viloyatida — 6 nafar, Xorazm viloyatida — 5 nafar, Farg‘ona viloyatida — 1 nafar) aniqlandi.

Kun davomida 10 ta hududda yangi kasallanganlar qayd etildi. Ushbu hududlarning 7 tasida aholi orasida ham koronavirus aniqlandi. Aholi orasida 195 ta yangi kasallanish holati kuzatildi. Iyul oyining o‘zida aholi orasidagi kasallanish holatlari 8-marta 100 nafardan oshdi.

Toshkent shahrida kun davomida aniqlangan 155 ta holatning bari aholi orasida qayd etildi. Bir kun ichida Toshkentda aniqlangan yangi holatlar 7 taga, aholi orasidagi holatlar 1 taga kamaydi. Iyul oyining o‘zida poytaxtda kunlik kasallanish holati 8-marta 100 va undan ortiq bo‘lmoqda. Aholi orasidagi kasallanish holati esa iyul oyida 5-marta 100 nafardan oshmoqda.

Toshkent shahrida iyul oyining o‘zida kasallanganlar soni 1286 nafarga ko‘paydi. O‘zbekistonga koronavirus kirib kelgan 15-martdan butun respublika bo‘yicha kasallar soni 1286 nafarga yetguncha 31 kun kerak bo‘lgandi.

Namangan viloyatida aniqlangan 24 ta holatdan 18 tasi karantindagilar orasida, 6 tasi aholi orasida qayd etildi. Viloyatda bir kun oldin ham 24 ta holat qayd etilgandi va ularning 18 tasi karantindagilar orasida, 6 tasi aholi orasida aniqlangandi. Hafta boshidan beri Namanganda 4 kun yangi kasallanish holatlari kuzatildi.

Navoiy viloyatida qayd etilgan 17 ta holatning barchasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida aniqlandi. Navoiyda 11-iyun kuni aholi orasida 18 ta kasallanish holati qayd etilganidan so‘ng viloyatda aniqlanayotgan yangi holatlar koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida qayd etilmoqda. 15-iyunda 5, 18-iyunda 6, 19-iyunda 4, 24-iyunda 5 va 27-iyunda 3, 2-iyul kuni 6, 4-iyul kuni 6 va 7-iyul kuni 12 kishida kasallik aniqlangandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 16 ta yangi holat qayd etildi. Ulardan 9 tasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida, 7 tasi aholi orasida aniqlandiHafta boshida shifoxonalarda faqat bir nafar bemor qolgan Qoraqalpog‘iston koronavirusdan xoli hududga aylanishga yaqin turgandi. Ammo 4 kun ichida bemorlar soni 63 nafarga ko‘paydi, hududda ilk o‘lim holati ham qayd etildi. Shu 4 kun ichida har kuni aholi orasida kasallanish holatlari kuzatildi. Respublikada kasallanganlar soni 200 nafardan oshdi.

Samarqand viloyatida aniqlangan 15 ta holatning bari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida qayd etildi. Viloyatda uch kundan buyon uzluksiz ravishda yangi holatlar qayd etilmoqda, ammo so‘nggi ikki kunda aholi orasida kasallanish aniqlanmadi. Umuman olganda oy boshidan buyon Samarqandda 85 ta holat aniqlangan bo‘lib, ulardan 58 tasi karantindagilar orasida, 27 tasi aholi orasida qayd etildi.

Jizzax viloyatida qayd etilgan 11 ta holatning barchasi aholi orasida aniqlandi. Jizzax viloyatiga 25-iyun kuni koronavirus qaytganidan beri kasallik qayd etilgan kunlarda, albatta, aholi orasida ham kasallik aniqlanmoqda. 25-iyun kuni 2 ta holat ham, 29-iyun kuni 5 tadan 4 tasi, 2-iyul kuni 33 tadan 27 tasi, 7-iyul kuni 2 ta holat ham, 9-iyul kuni 16 ta holatdan 10 tasi aholi orasida qayd etilgandi.

Surxondaryo viloyatida aniqlangan 10 ta holatning barchasi aholi orasida qayd etildi. Viloyatda bir kun oldin 16 kunlik tanaffusdan so‘ng birinchi marta aholi orasida bitta holat aniqlangandi. Surxondaryoda iyul oyining 10 kuni ichida 80 kishida kasallik qayd etildi, vafot etganlar esa 2 nafarga ko‘paydi.

Xorazm viloyatida aniqlangan 5 ta holatning bari aholi orasida qayd etildi. Iyun oyining ikkinchi yarmidan boshlab oy oxirigacha Xorazmda kasallik aniqlansa, kamida 10 kishida koronavirus chiqayotgandi va har safar kasallanganlar soni oshib borayotgandi. 15-iyun kuni 10 kishida, 19-iyun kuni 12 kishida, 20-iyun kuni 13 kishida,  23-iyun kuni 14 kishida, 26-iyun kuni esa 22 kishida koronavirus aniqlangandi. Iyul oyiga kelib kasallanish holatlari kamayib, ular aniqlanayotgan kunlar orasi ham uzayib bormoqda. 1-iyul kuni 5 kunlik tanaffusdan so‘ng 7 ta holat aniqlangan bo‘lsa, 10-iyul kuni 9 kunlik tanaffusdan so‘ng 5 ta holat qayd etildi. Iyul oyida Xorazmda qayd etilgan 12 ta holatdan 9 tasi aholi orasida aniqlangan.

Farg‘ona viloyatida yagona holat aholi orasida qayd etildi6-iyul kuni viloyatga koronavirus qaytganda SSV Farg‘onada aholi orasida 3 kishida kasallik aniqlanganini ma’lum qilgandi. O‘shanda Koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olishni muvofiqlashtiruvchi Farg‘ona viloyati shtabi viloyat hududida kasallik yuqtirilganini rad etib, infeksiya 2 nafar fuqaroga Toshkent shahrida, 1 nafar fuqaroga Samarqandda yuqqan degan xulosaga kelgandi. Ikki kundan buyon Farg‘onada yana aholi orasida yangi holatlar aniqlanmoqda, viloyat shtabi bu holatlar bo‘yicha hozircha izoh bergani yo‘q.

Toshkent viloyatidagi karantin muassasalarida xorijdan kelib karantinga olinganlar orasida 200 dan ortiq kasallanish holati aniqlandi. Viloyatda koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar va aholi orasida 3 kundan buyon yangi kasallanish holati qayd etilmadi. 2020-yilning 10-iyul kuni soat 00:01 dan boshlab har qanday transport vositalarida Toshkent viloyatining ma’muriy markazi hisoblangan Nurafshon shahriga viloyatning barcha hududlaridan kirish va Nurafshon shahridan respublikaning barcha hududlariga, shu jumladan, viloyat tuman va shaharlariga chiqish to‘xtatilgan.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

10-iyul davomida Navoiy, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 1 nafardan, jami 3 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etdi. Ularning bari erkaklar. Bir kun oldinga solishtirganda vafot etgan bemorlar soni 2 baravarga kamaydi.

Birinchi o‘lim. Navoiy viloyati Zarafshon shahrida yashovchi 55 yoshli J.O‘. ismli erkak 6-iyul kuni COVID-19 infeksiyasiga namuna topshirgan, shu kuni Zarafshon shahridagi shifoxonaning reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, nafas yetishmovchiligining 3-darajasi tashxisi qo‘yilgan. U gipertoniya kasalligi, arterial gipertenziya, yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, semizlik kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan. Kasallik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi asorati bilan kechgan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgan. 55 yoshli erkak koronavirus asoratlaridan vafot etgan Navoiydagi uchinchi, O‘zbekistondagi 52-bemor bo‘ldi.

Navoiyda qisqa vaqt ichida 3 nafar bemorning vafot etgani xabar qilindi. 7-iyul kuni 38 yoshli, 8-iyul kuni 52 yoshli va 10-iyul kuni 55 yoshli bemorlar vafot etdi. Ularning bari erkaklar.

Bosh prokuraturaning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, Navoiy viloyati Sanitariya va epidemiologiya osoyishtalik markazi mansabdor shaxslari 509,8 million so‘mlik tovar moddiy boyliklarini talon-toroj qilgan. Markaz rahbarining xonadonidan 6 dona ko‘p tarmoqli davolash va 1 dona tashxis qo‘yish uskunasi hamda markazning 2019-yil uchun yuritilgan buyruqlarni ro‘yxatga olish kitobi, xo‘jalik mudirining xonadonidan 8 to‘plam infeksiyaga qarshi maxsus himoya kiyimi va 5 turdagi tibbiy himoya vositalari olingan.

Ikkinchi o‘lim. Surxondaryo viloyati Termiz shahrida yashovchi 67 yoshli R.A. ismli erkak 3-iyul kuni o‘zini yomon his qilgan, nafas yo‘llarida yallig‘lanish bo‘lgan. 4-iyul kuni COVID-19 infeksiyasiga namuna topshirgan va shifoxonaga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasiga gumon, miokard infarkti, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan. Shuningdek, ikki tomonlama pnevmoniya, o‘tkir yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, surunkali yurak yetishmovchiligi, qandli diabet kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, miokard infarkti, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi. 67 yoshli erkak koronavirusdan vafot etgan Surxondaryodagi to‘rtinchi, O‘zbekistondagi 53-bemor bo‘ldi.

Viloyatda bir kun oldin ham o‘lim holati qayd etilgandi. Surxondaryo Toshkent shahri, Namangan va Buxoro viloyatlaridan so‘ng o‘limlar soni 4 taga yetgan to‘rtinchi hudud bo‘ldi.

Uchinchi o‘lim. Toshkent shahri Bektemir tumanida yashovchi 69 yoshli V.M. ismli erkak 8-iyul kuni Toshkent viloyati shifoxonasidan o‘ta og‘ir ahvolda Zangiota tumanidagi ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga o‘tkazilgan. Unga COVID-19 og‘ir kechishi tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir nafas va o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi, miokard infarkti asoratlari bilan kechgan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, miokard infarkti, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi. 69 yoshli erkak koronavirusdan vafot etgan Toshkent viloyatidagi birinchi, O‘zbekistondagi 54-bemor bo‘ldi.

O‘zbekistonda iyul oyida vafot etganlar soni 2 barobarga ko‘paydi. 1-iyul kuni SSV Qashqadaryoda 64 yoshli erkakning vafot etgani haqida xabar bergandi. Ammo g‘uzorlik ushbu erkak aslida 29-iyun kuni olamdan o‘tgani keyinroq ma’lum bo‘ldi. Qashqadaryolik erkak koronavirus asoratlaridan vafot etgan 27-bemor bo‘lgandi. O‘shandan so‘ng iyul oyida 27 kishining vafot etgani haqida xabar berildi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan bemorlardan 43 nafari og‘ir, 10 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Bir kun avval ahvoli og‘ir bemorlar 42 va ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar 10 nafarni tashkil etayotgandi. Bu orada esa 3 nafar bemorning vafot etgani haqida xabar berildi.

Kasallikdan davolanish

10-iyul kuni 243 nafar bemor sog‘aydi. Ulardan 166 nafari Toshkent shahri, 16 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 38 nafari Surxondaryo viloyati, 11 nafari Navoiy viloyati, 6 nafari Xorazm viloyati va 6 nafari Buxoro viloyatlaridagi tibbiyot muassasalarida shifo topdi. Uch kundan beri yangi kasallanganlar soni 400 nafardan oshayotgan bo‘lsa, kasallikdan sog‘ayganlar soni 200 nafardan oshmoqda.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 12027 nafar bemordan 7530 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 62 foizni tashkil etmoqda. Bu may oyi boshidan beri eng past ko‘rsatkich.

Ayni paytda 4443 nafar bemordan 3752 nafari Toshkentda davolanmoqda. Farg‘onada 9, Xorazmda 22, Buxoroda 28, Jizzaxda 38, Navoiyda 38, Qoraqalpog‘istonda 47, Surxondaryoda 51, Samarqandda 69, Namanganda 74, Andijonda 113 va Qashqadaryoda 202 nafar bemor qoldi.