O‘zbekistonda 10-iyul soat 23:30 dan 11-iyul soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 486 ta holat aniqlandi. Bu yangi antirekord. Bungacha 9-iyul kuni 472 kishida kasallik aniqlanishi eng katta ko‘rsatkich bo‘lib turgandi. Ketma-ket to‘rtinchi kun yangi kasallanish holatlari 400 tadan ko‘p bo‘lmoqda. Yangi kasallanish holatlaridan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 12 513 nafarga yetdi.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning

  • 391 nafari karantin muassasalarida (xorijdan kelib karantinga olinganlar — 284 nafar, Samarqand viloyatida — 52 nafar, Andijon viloyatida — 43 nafar, Navoiy viloyatida — 9 nafar, Toshkent shahrida — 2 nafar, Qoraqalpog‘istonda — 1 nafar);
  • 95 nafari aholi orasida (Toshkent shahrida — 48 nafar, Andijon viloyatida — 19 nafar, Buxoro viloyatida — 15 nafar, Qoraqalpog‘istonda — 13 nafar).

Kun davomida 7 ta hududda yangi kasallanganlar qayd etildi. Ushbu hududlarning 4 tasida aholi orasida ham koronavirus aniqlandi. Aholi orasida 95 ta yangi kasallanish holati kuzatildi. Bu bir kun avvalgi aholi orasidagi ko‘rsatkichdan 100 nafarga kam degani.

Andijon viloyatida qayd etilgan 62 ta holatdan 43 tasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida, 19 tasi aholi orasida aniqlandi. Bir kunda 62 kishida kasallik aniqlanishi Andijon uchun antirekord emas, lekin ilgari bir kunda aholi orasida 19 kishida kasallik qayd etilmagandi. Iyul oyining o‘zida Andijonda 147 kishida kasallik aniqlandi. Bu viloyatda epidemiya mavsumi boshlangandan beri kasallanganlarning 41 foizi deganidir. Andijon kasallanganlarning umumiy soni 300 nafardan oshgan SSV jadvalidagi 7-hudud bo‘ldi.

Toshkent shahrida 50 ta yangi holat qayd etildi. Bu Toshkent shahrida iyul oyida eng kam kasallanish aniqlangan kun bo‘ldi. Yangi holatlarning 2 tasi karantindagilar orasida, 48 tasi aholi orasida aniqlandi.

9—11-iyul kunlari poytaxtda aniqlangan kasallanish holatlarining 359 tasi aholi orasida va bor-yo‘g‘i 8 tasi karantindagilar orasida qayd etildi. Koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lganlar orasida kasallanish holatlari kam kuzatilayotganiga ularning test topshira olmayotgani sabab bo‘lishi mumkin. Adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatova koronavirusga oilaviy chalingani va COVID-19’ga test topshira olmayotganini ma’lum qildi.

Yarim kun SES eshigida sarg‘ayib, test topshirolmay qaytdim. Zarurmi shu test menga, bo‘ldi, o‘zim uchun qaror qildim, menda katta ehtimol bilan COVID-19.

Kontakt bo‘lgan, haroratim 4-kun 37-37,5 atrofida ushlanib turibdi. Qizim, onam, ukam, kelinim — hammamiz isitmaladik, onam ta’m bilmayaptilar, yo‘talyaptilar. Kelinimda qattiq quruq yo‘tal va 39 darajagacha isitma kuzatildi, menda esa faqat tana qaqshab og‘rishi va isitma. Tez yordam va poliklinika menda COVID-19 bo‘lishi mumkin deb faqat masofadan maslahat beryapti, lekin test yo‘qligi uchun rasman koronavirus, deb tan ham olmayapti. Xullas, betartiblik va tizimsizlik. O‘zing uchun o‘l yetim.

COVID-19’dan davolanaveraman endi. Albatta, mustaqil davolanaman, chunki testsiz birov meni koronavirusdan davolamaydi, test topshirolmayman, demak yopiq doira...

...Masalan, uch kun avval isitmam chiqqanida poliklinikaga telefon qildim, u tez yordamga qil dedi. Call-sentr ham tez yordamga yo‘naltirdi, tez yordam poliklinikaga, poliklinika yana tez yordamga... Oxiri telefonim ovoz yozyapti, shikoyat qilaman deganimdan so‘ng uchastka vrachim telefonda dorilarni aytib turdi. Mana ahvol!

Hamma test topshiraman deb kasal yuqtirib yuribdi bir-biriga va vaqtni ham boy beryapti. Odamlarga hozir bugun nima qilsa, qayerga murojaat qilsa, to‘g‘ri va xavfsiz bo‘lishini aytish kerak. Aytish uchun o‘zinglar bilasizlarmi bu savollarning javobini?, — deb Shahnoza Soatova Sog‘liqni saqlash vazirligiga savol yo‘lladi.

Toshkent viloyatida iyul oyining boshidan 7-iyulgacha aholi orasida 78 kishida kasallik aniqlandi. Biroq shundan so‘ng hozirgacha aholi orasida ham, koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida ham yangi holatlar qayd etilmadi. Toshkent viloyatida 7-iyuldan so‘ng faqat xorijdan kelib karantinga olinganlar va xalqaro yuk tashuvchi mashina haydovchilari (bular ham aslida xorijdan kelgan) orasida koronavirus aniqlanmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Samarqand viloyatida 11-iyul kuni koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida 52 ta holat aniqlanganini xabar qildi. Samarqandda ilgari hech qachon bir kunda buncha kasallik aniqlanmagan, bu viloyat uchun antirekord. Ushbu holatlarning 37 tasini SSV soat 17:00, 15 tasini 23:30 holatiga ko‘ra aniqlanganini xabar qildi. Viloyatda bir kunda 37 kishi kasallanganini SSVdan bir kun oldin — 10-iyul kuni Erkinjon Turdimov Samarqand viloyati aholisiga qilgan murojaatida ma’lum qilgandi.

Viloyat hokimi kasallangan 37 kishidan 27 nafari Samarqand shahrida, 3 nafari Pastdarg‘om tumanida, yana qator tumanlarda bir nafardan bemor aniqlanganini aytdi. Erkinjon Turdimov 10-iyul kuni viloyatda kasallanganlarning umumiy soni 573 nafarga yetganini ma’lum qilgandi. Biroq SSV 10-iyul kuni Samarqandda 37 emas, 15 kishi koronavirus yuqtirganini xabar bergan. Bundan tashqari SSV keltirgan jadval bo‘yicha kasallanganlar soni 10-iyul kuni 536 nafarni tashkil etayotgandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi Samarqandda 37 kishida koronavirus aniqlanganini bir kun kech xabar berdi va vazirlik hisobi bo‘yicha Samarqandda koronavirusga chalinganlar soni 11-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra 573 nafarga yetdi, ayni vaqtda bu ko‘rsatkich 588 nafarga teng. Bu hodisadan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, iyun oxiri va iyul boshida o‘lim holatlarini 1—2 kun o‘tib xabar qilgan Sog‘liqni saqlash vazirligi endilikda ba’zi (ehtimol barcha) hududlarda kasallanganlar sonini bir kungacha kech bermoqda.

Buxoro viloyatida qayd etilgan 15 ta holatning barchasi aholi orasida aniqlandi. Iyul oyining o‘zida Buxoroda ikkinchi marta 15 kishida kasallik aniqlanmoqda. Faqat 7-iyul kuni aniqlangan barcha holatlar karantindagilar orasida chiqqandi.

Qoraqalpog‘istonda aniqlangan 14 ta holatning 1 tasi karantindagilar orasida, 13 tasi aholi orasida qayd etildiHafta boshida shifoxonalarda faqat bir nafar bemor qolgan Qoraqalpog‘iston koronavirusdan xoli hududga aylanishga yaqin turgandi. Ammo 5 kun ichida bemorlar soni 77 nafarga ko‘paydi, hududda ilk o‘lim holati ham qayd etildi. Shu 5 kun ichida har kuni aholi orasida kasallanish holatlari kuzatildi.

Navoiy viloyatida qayd etilgan 9 ta holatning barchasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida aniqlandi. Navoiyda oxirgi marta roppa-rosa bir oy oldin — 11-iyun kuni aholi orasida bir yo‘la 18 kishida koronavirus aniqlangan. Shundan so‘ng viloyatda qayd etilgan 73 ta holatning bari faqat karantinga olinganlar orasida chiqdi. 15-iyunda 5, 18-iyunda 6, 19-iyunda 4, 24-iyunda 5 va 27-iyunda 3, 2-iyul kuni 6, 4-iyul kuni 6, 7-iyul kuni 12 va 10-iyul kuni 17 kishida kasallik aniqlangandi.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

11-iyul davomida Toshkent shahrida 2 ayol, Xorazm viloyatida 1 erkak, jami 3 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etdi. Xorazmda koronavirusdan ilk o‘lim holati qayd etildi.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Mirobod tumanida yashovchi 50 yoshli R.Yu. ismli ayol 3-iyuldan 9-iyulgacha uy sharoitida davolanib yurgan. Nafas yetishmovchiligi belgilari kuchaygach, 1-sonli shahar klinik shifoxonasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasi og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligi bilan kechgan. Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, ilk aniqlangan qandli diabet hamroh kasalliklari bilan ham og‘rigan. 9-iyul kuni bemorning ahvoli og‘irlashib, nafas yetishmovchiligi belgilari kuchayganligi sababli sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan.

Bemor bir yildan buyon onkologik kasallik bilan og‘rib kelgan. Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi. 50 yoshli ayol koronavirusdan vafot etgan Toshkentdagi (Toshkent viloyati bilan birga hisoblaganda) 31, O‘zbekistondagi 55-bemor bo‘ldi.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahrida yashovchi 66 yoshli M.R. ismli ayol 1-iyuldan shahar 1-sonli klinik shifoxonasida davolangan. Unga COVID-19 og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligi bilan kechgan. Shuningdek, qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya kabi hamroh kasalliklari bilan og‘rigan. Bemor bundan avval, oxirgi 12 yildan buyon qandli diabet kasalligi bilan davolanib kelgan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgan. 66 yoshli ayol koronavirusdan vafot etgan Toshkentdagi (Toshkent viloyati bilan birga hisoblaganda) 32, O‘zbekistondagi 56-bemor bo‘ldi.

Uchinchi o‘lim. Xorazm viloyati Shovot tumanida yashovchi 56 yoshli D.S. ismli erkak bir hafta davomida tana harorati ko‘tarilib, holsiz bo‘lgan. So‘ngra bemor viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasi og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.

Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, gipertoniya kasalligi bilan ham og‘rigan. Xastalik o‘tkir nafas va o‘tkir yurak-qon tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.

56 yoshli erkak koronavirusdan vafot etgan Xorazmdagi birinchi, O‘zbekistondagi 57-bemor bo‘ldi. O‘lim holati qayd etilmagan faqat Andijon va Sirdaryo viloyatlari qoldi. Ammo Sirdaryodagi barcha bemorlar Toshkent shahriga o‘tkazilgan.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 4733 nafar bemordan 45 nafari og‘ir, 7 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Bir kun ichida ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar soni 3 nafarga kamaydi. Kun davomida o‘lim ko‘rsatkichlari ham 3 taga teng bo‘ldi.

Kasallikdan davolanish

SSV 11-iyul kuni 193 nafar bemor sog‘aygani, ulardan 140 nafari Toshkent shahri, 31 nafari Andijon, 10 nafari Jizzax, 7 nafari Navoiy va 5 nafari Samarqand viloyatlaridagi tibbiyot muassasalarida shifo topganini ma’lum qildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Samarqandda koronavirusdan sog‘ayganlar soni 469 nafarni tashkil etmoqda. Erkinjon Turdimov 10-iyul kuni viloyat aholisiga qilgan murojaatida sog‘ayganlar soni 475 nafarni tashkil etayotganini ma’lum qilgandi.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganini ma’lum qildi. Prezidentning sobiq matbuot kotibi o‘zining Telegram’dagi kanali orqali kasallikning yengil shaklidan uy sharoitida qanday davolanganini aytib berdi.

Komil Allamjonovning so‘zlaridan iyun oyi oxirida koronavirus aniqlanganini anglash mumkin. Ammo koronavirusni uy sharoitida davolashga O‘zbekistonda 5-iyuldan ruxsat berilgan.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 12 513 nafar bemordan 7723 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 61 foizni tashkil etmoqda. Bu may oyi boshidan beri eng past ko‘rsatkich.

Ayni paytda 4733 nafar bemordan 3944 nafari Toshkentda davolanmoqda. Farg‘onada 9, Xorazmda 21, Jizzaxda 28, Navoiyda 40, Buxoroda 43, Surxondaryoda 51, Qoraqalpog‘istonda 61, Namanganda 74, Samarqandda 116, Andijonda 144 va Qashqadaryoda 202 nafar bemor qoldi.

Yangi cheklovlar

Respublika maxsus komissiyasining  qarori bilan aholi o‘rtasida koronavirus infeksiyasining tarqalish zanjirini uzish maqsadida O‘zbekistonda navbatdagi karantin cheklovlari joriy etildi.

Unga ko‘ra, 2020-yil 13-iyuldan 2020-yil 1-avgustga qadar respublika miqyosida qo‘shimcha ravishda quyidagi karantin cheklovlari kiritildi:

  • sartaroshxona va go‘zallik salonlari faoliyati to‘xtatiladi;
  • mahalliy (ichki) aviaqatnovlar va temiryo‘l qatnovi to‘xtatiladi;
  • 65 yoshdan oshgan shaxslarga o‘zini o‘zi yakkalash hayot tarziga qat’iy rioya etish hamda sababsiz uydan tashqariga chiqmaslik tavsiya etildi.

Shuningdek, 2020-yil 18—19-iyul hamda 25—26-iyul (shanba va yakshanba) kunlari butun sutka davomida respublika miqyosida harakatlanish, avtotransport vositalarining, shu jumladan, yo‘nalishsiz taksilarning harakati to‘liq to‘xtatiladi.

Mazkur cheklov maxsus ruxsatnoma (stiker)lar asosida harakatlanadigan avtotransport vositalariga hamda Respublika maxsus komissiyasining 8-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan avtotransport vositalari harakatlanishiga, maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Shuningdek, 18—19-iyul hamda 25—26-iyul (shanba va yakshanba) kunlari quyidagilar tavsiya etiladi:

  • aholiga — o‘zini o‘zi yakkalash hayot tarziga qat’iy rioya etgan holda o‘z uylarida qolish;
  • davlat organlari va muassasalari, xo‘jalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlarga — xodimlarni ishga jalb etmaslik, xodimlarning ushbu kunlarda uyda qolishi uchun sharoit yaratish.