Toshkentdagi 16 ta tibbiyot muassasasida jami 3580 ta koyka-o‘rin koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan bemorlar uchun ajratilgan. Bu haqda Iqtisodiyot tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) rahbari Obid Hakimov ma’lum qildi.

Obid Hakimov.

Foto: AOKA

“16 ta tibbiyot muassasasining faoliyati koronavirus infeksiyasini davolashga qayta moslashtirildi. Toshkent shahrida bir paytning o‘zida sig‘imi 4637 nafar kishi bo‘lgan 16 ta tibbiy muassasa faoliyat yuritmoqda. Shundan 3580 ta joy koronavirus bilan kasallangan bemorlar uchun ajratilgan”, — deya ma’lum qildi u.

Hakimovning qo‘shimcha qilishicha, viloyatlarda koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun jami 3367 o‘rinlik muassasalar ajratilgan. Qo‘shimcha tarzda yana 22 ta tibbiyot muassasasida 7130 ta zaxira yotoqlar ajratilgan, Zangiota tumanida esa ming o‘rinli yangi yuqumli kasalliklar shifoxonasi foydalanishga topshirildi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekistonda 13-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra 5280 nafar bemor koronavirusdan davolanmoqda (ularning 4375 nafari Toshkent mintaqasida ro‘yxatga olingan), ushbu bemorlarning necha nafarida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotgani ma’lum qilinmagan — 5-iyuldan boshlab kasallik alomatsiz (yengil) kechayotgan bemorlarning uy sharoitida davolanishiga ruxsat berilgan edi. Qayd etish joiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimi mutaxassislarining fikricha, agar O‘zbekistonda kuniga 1—1,5 mingta kasallanish holati aniqlsa, mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi qulaydi.

Hakimovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda davlat koronavirusning tarqalishiga qarshi kurash uchun jami 1,7 trillion so‘m mablag‘ sarflagan. Bu pulga shaxsiy himoya vositalari, sun’iy nafas oldirish apparatlari, boshqa tibbiy uskunalar xarid qilingan — masalan, tibbiy xodimlarning salomatligini saqlashga imkon beradigan 878 ming dona himoya kiyimlari sotib olingan.

Shu tariqa, Hakimovning alohida qayd etishicha, O‘zbekistonda shifokorlar orasida koronavirusning ommaviy tarqalishi oldi olingan. “Masalan, Nyu-Yorkda ushbu muammo ba’zi klinikalarda tibbiy xodimlar sonining keskin tushib ketishiga olib kelgan edi”, — deya aniqlik kiritdi ITIM rahbari.

Shuningdek, u O‘zbekistonda o‘rta og‘irlikdagi bemorlarni davolash uchun o‘rtacha 32,3 million so‘m (3200 dollar), reanimatsiyada bo‘lgan bemorni davolash uchun esa 64,4 million so‘m (6300 dollar) sarflanganini eslatib o‘tgan.

“Masalan, Fair Health mustaqil notijorat tashkiloti ekspertlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, AQShda koronavirusni davolash sug‘urta qilinmagan bemor uchun 73,3 ming dollarga, sug‘urta polisiga ega bemor uchun 38 ming dollarga tushadi, shuningdek, koronavirusdan davolanishi 1 million dollarni tashkil qilgan bemorlar ham bor ekan”, — deya qo‘shimcha qildi Obid Hakimov.