Turkmaniston Sog‘liqni saqlash va tibbiy sanoat vazirligi janubi-sharq, shimoli-sharq va shimoldan kirib kelgan chang miqdori mamlakatda oshib ketgani sabab aholini tibbiy niqob taqib yurishga chaqirdi, deb yozadi “Xronika Turkmenistana”.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Vazirlik xabaridan ma’lum qilinishicha, havoda chang bilan birga “kasallik tarqatuvchi moddalar” ham bo‘lishi mumkin. Shuningdek, vazirlik 1 metr oraliq masofa saqlashga hamda shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishni so‘ragan.

Shamol virusni yuzlab kilometrdan olib kelayotgan bo‘lsa, bu kabi ijtimoiy masofalanish qanday foyda berishiga vazirlik aniqlik kiritmagan. Ma’lum qilinishicha, nafas olish yo‘llariga bog‘liq surunkali kasalliklarning kuzatilishiga konditsioner va sovuq suv sabab bo‘lishi mumkin.

Koronavirus epidemiyasidan ogoh bo‘lish haqida hech narsa deyilmagan.

Avvalroq Turkmaniston poytaxtida tibbiy niqoblar narxi bir haftada 14 baravar oshgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganish uchun 6-iyuldan buyon Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti missiyasi bo‘lib turibdi. U infeksiya tarqalishi xavfini baholash uchun Turkmaniston kasalxonalari va laboratoriyalariga tashrif buyurishi lozim. Mamlakatga mutaxassislarning kirib kelishi bilan deyarli bir vaqtda Turkmaniston prezidenti va hukumati ta’tilga chiqib ketgan.